Bosh prokurorning tashabbusi bilan yana bir sohada javobgarlik kuchaytirilmoqda

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, kecha, 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Senatning yalpi majlisida Bosh prokurorning qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan hamda foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.

Bugungi kunda foydali qazilmalarni noqonuniy kavlab olganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.

Biroq, foydali qazilmalarni noqonuniy kavlab olishdan olinayotgan daromad miqdorining belgilangan jazo chorasiga nisbatan ancha yuqoriligi mazkur sohada huquqbuzarliklarni samarali profilaktika qilishga to‘sqinlik qilmoqda. 

Ko‘p hollarda javobgarlikka tortilib, jarima undirilgan shaxslar tomonidan huquqbuzarlikni takroran sodir etish holatlari uchramoqda.

Masalan, 2018 yilda birgina Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan qator tadbirkorlik sub’ektlarining vakillari 837,8 mln so‘mlik noruda foydali qazilmalarni kavlab olganligi uchun javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramasdan, aynan ushbu sub’ektlar tomonidan 2019 yilning birinchi yarmida takroran 1 618,2 mlrd so‘mlik noruda foydali qazilma noqonuniy kavlab olingan. 

Ma’qullangan Qonun bilan foydali qazilmalarni litsenziyasiz kavlab olganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima jazosi o‘rnatilmoqda.

Ushbu huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanmoqda.

Mazur Qonun foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuror 25-yalpi majlis

Baholaganlar

314

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing