Davlat “makler”larga qanday talab va shart qo‘ymoqda?
Jamiyat
−
23 dekabr 2019
4666Rieltorlik tashkiloti shtatida rieltorning malaka sertifikatiga ega bo‘lgan kamida ikki nafar xodimning bo‘lishi shart. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi ma’muriy reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga asosan, quyidagilar rieltorlik faoliyatini amalga oshirishdagi litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
• litsenziya tomonidan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
• rieltorlik tashkilotining rieltorlik xizmatlari buyurtmachisi oldidagi rieltorlik tashkilotlari ushbu Reglamentda belgilangan hajmdan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolik majburiy sug‘urta polisining mavjud bo‘lishi;
• har uch yilda xodimlarining malakasini oshirishni ta’minlash;
• rieltorlik xizmatlari ko‘rsatishda olingan axborotlarning maxfiyligini ta’minlash;
• har yarim yilda bir marta O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rieltorlik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan shakl bo‘yicha taqdim etish;
• rieltorlik tashkiloti rahbari lavozimiga faqat rieltorning malaka sertifikatiga ega bo‘lgan xodimni tayinlash;
• rieltorlik tashkiloti shtatida rieltorning malaka sertifikatiga ega bo‘lgan kamida ikki nafar xodimning bo‘lishi.
Shuningdek:
• ko‘chmas mulk ob’ektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlar tuzish chog‘ida vositachilik qiladigan rieltorlik tashkilotlari — bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng miqdorda o‘zining fuqarolik majburiyati majburiy sug‘urta qilingan bo‘lishi;
• ko‘chmas mulk ob’ektlarini ishonchli boshqarishni amalga oshiradigan rieltorlik tashkilotlari — bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravariga teng miqdorda o‘zining fuqarolik majburiyati majburiy sug‘urta qilingan bo‘lishi;
• ko‘chmas mulk ob’ektlari va ularga bo‘lgan huquqlar savdosini tashkil etadigan rieltorlik tashkilotlari — bazaviy hisoblash miqdorining
• 3000 baravariga teng miqdorda o‘zining fuqarolik majburiyati majburiy sug‘urta qilingan bo‘lishi lozim.
Rieltorlik xizmatlarining bir necha turlarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan litsenziya talabgori o‘zining fuqarolik majburiyati maksimal miqdorda majburiy sug‘urta qilingan bo‘lishi kerak.
LiveBarchasi