Alkogol va tamakiga yangi aksiz marka joriy etiladi
Jamiyat
−
05 fevral 2020
8578Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2020 yil 1 apreldan boshlab alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va uning hududiga olib kiriladigan alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari namunalari va tavsiflari tasdiqlanadi.
Belgilananishicha, eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan hamda ulgurji va chakana savdo tarmog‘idagi alkogol va tamaki mahsulotlari yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab to‘qqiz oy o‘tgach markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi 2021 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogol va tamaki mahsulotlarini aniqlash, ularning olib kirilishi, ishlab chiqarilishi hamda ulgurji va chakana savdo tarmog‘ida sotilishining oldini olish, shuningdek ushbu mahsulotlarni belgilangan tartibda olib qo‘yish chora-tadbirlarini ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi to‘g‘risidagi axborotni alkogol va tamaki mahsulotlarini import qiluvchilar e’tiboriga yetkazadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi to‘g‘risidagi axborotni alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va savdo tashkilotlari e’tiboriga yetkazadi;
yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini olib boradi.
2020 yilning 1 aprelidan boshlab joriy etiladigan yangi namunadagi alkogol mahsulotlari aksiz markalarining tavsifi:
O‘zbekiston Respublikasi aksiz markalari 160x18 mm o‘lchovda bo‘lib, gorizontal holatda joylashgan.
Aksiz markaning chap tomonida metollograf bosma usulida binafsha rangida bosilgan naqshinkor bezak mavjud.
Naqshinkor bezakning o‘ng tomonida "O’ZBEKISTON AKSIZ MARKASI" so‘zi vertikal ko‘rinishda chop etilgan.
“O’ZBEKISTON AKSIZ MARKASI” so‘zining o‘ng tomonida kumush rangli tasvir ifodalangan. Kumush rangli tasvir ustida “2020” abbreviaturasi bo‘yoqsiz metallograf bosma usulida tasvirlangan.
Kumush rangli tasvirning o‘ng tomonida “UZB” abbreviaturasi joylashtirilgan.
Aksiz markaning markazida QR-CODE joylashgan bo‘lib, u o‘z ichiga mahsulotni ishlab chiqargan zavod nomi, alkogol ichimligi nomi, zavod kodi, alkogol ichimligi hajmi, aksiz markaning seriya raqamlari va individual raqam ma’lumotlari kiritilgan.
QR-CODE ning o‘ng tarafidagi oq qismining perimetri bo‘ylab joylashgan mikromatn – ko‘p marta kattalashtirilganda ko‘rinadigan matn, takrorlanuvchi “UZBEKISTAN” so‘z birikmasi ko‘rinishida mavjud.
Aksiz markaning markazidan o‘ng tarafida mahsulot nomi, seriya raqamlari va mahsulot hajmi ifodalangan.
Mahsulot nomining o‘ng tomonida ko‘rish burchagi rangini o‘zgarganda o‘z rangini o‘zgartiradigan, “ANTISTOKS” hususiyatiga ega iridissent bo‘yog‘ida trafaret bosma usulida tasvir tushurilgan bo‘lib tasvir ustida “DSN” va “UZB” abbreviaturalari mavjud.
Aksiz markaning o‘ng tomonida ishlab chiqaruvchining kod raqamlari “O’Z20…” yoki “IM20…” ifodalangan.
Ishlab chiqaruvchining kod raqamlarining chap tarafida ishlab chiqaruvchi zavodning logotipi joylashgan.
2020 yilning 1 aprelidan boshlab joriy etiladigan yangi namunadagi tamaki mahsulotlari aksiz markalarining tavsifi:
O‘zbekiston Respublikasi tamaki mahsuloti uchun aksiz markalari 44x19 mm o‘lchovda bo‘lib, gorizontal holatda joylashgan.
Tamaki mahsuloti uchun aksiz markasining tangir (fon) setkasi har-xil qiyalikda joylashgan chiziqlar ko‘rinishida bajarilgan.
Aksiz markaning tangir (fon) setkasidagi chiziqlar barglar ko‘rinishida tasvirlangan bo‘lib, bu tasvir markazida “AKSIZ” so‘zlari ifoda etilgan.
Aksiz markaning o‘ng tomonining oq qismida yorug‘likda ko‘rinadigan suv belgisining elementlari joylashgan.
Aksiz markaning chap tomonida romb ko‘rinishidagi mikromatn joylashgan bo‘lib, bu mikromatn kattalashtirilganda takrorlanuvchi “AKSIZMARKA” so‘z birikmasini ko‘rish mumkin.
Mikromatnning o‘ng tomonida, ya’ni aksiz markaning markazida gilosh naqshi tasvirlangan bo‘lib, bu naqshning ustiga optik o‘zgaruvchan “DSN” abbreviaturasi elementi iridissent bo‘yog‘ida chop etilgan.
Gilosh naqshining yuqori qismida “TAMAKI MAHSULOTLARI”, pastki qismida esa “O’ZBEKISTON AKSIZ MARKASI” co‘z birikmalari va aksiz marka ishlab chiqaruvchining kod raqami “O’Z 1901” tasvirlangan.
Gilosh naqshining o‘ng tomonida maxsus himoya bo‘yog‘i bilan chop etilgan ultrabinafsha va infraqizil nurlari ostida ko‘rinadigan romb shaklidagi element aks ettirilgan.
Aksiz markaning ikki tomonida yarim aylana ko‘rinishida takrorlanuvchi mikromatn joylashgan bo‘lib, ko‘p marotaba kattalashtirilganda “TAMAKIMAHSULOTLARI” so‘z birikmalarini ko‘rish mumkin.
Aksiz markaning to‘rtburchagida 450 S burchak ostida tasvirlangan chiziqlarda mikromatn mavjud bo‘lib, uni ko‘p marotaba kattalashtirilganda takrorlanuvchi “AKSIZMARKA” so‘z birikmalari ifodalangan.
LiveBarchasi