Davlat kompaniyalarining eksklyuziv huquqlari bekor qilindi
Jamiyat
−
04 iyun
11209Kecha, 3 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qator davlat kompaniyalarining iqtisodiy faoliyat olib borish bo‘yicha eksklyuziv huquqlarini bekor qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu haqda Prezidentning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
“Ushbu hujjat erkin bozor yaratish uchun amalga oshirilayotgan choralarning uzviy davomi bo‘ldi. U mamlakat rahbariyatining jiddiy va murakkab islohotlar yo‘lida shahdam qadam tashlayotganini ko‘rsatadi”, deb yozadi Mirziyoyeva.
Bildirilishicha, farmon qora va rangli metallarni qayta ishlash, kimyo sanoati, telekommunikatsiya va energetika kabi qator sohalarda yangi davrni boshlab beradi.
“Biz Jahon Savdo Tashkilotining eng asosiy shartlaridan biri – barcha uchun teng va erkin raqobat sharoitini yaratish prinsipiga amal qilgan holda, mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish borasida qarori qat’iy ekanini yana bir bor namoyish qilmoqdamiz”, deydi Mirziyoyeva.
Farmonga ko‘ra, qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilindi:
a) 2025 yil 1 yanvardan boshlab:
- “O‘zmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;
- “O‘zikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;
- “O‘ztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;
- “O‘zkimyoimpeks” MCHJning “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;
b) 2026 yil 1 iyuldan boshlab:
- “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;
- “O‘zenergosotish” AJning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.