Davlat Bobonov Trailblazer, uy va 50 000 dollarni nima qildi?

Sport

Tokio shahrida o‘tkazilgan XXXII Olimpiya o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ko‘plab medallar olishi kutilgandi. Biroq Ilias Iliadis shogirdlari Olimpiada o‘yinlarida munosib ishtirok eta olmadi. Yakunda esa 10 nafar o‘zbekistonlik dzyudochidan faqatgina Davlat Bobonov shohsupadan joy oldi.

Joriy yilning 19 avgust kuni Tokio shahrida o‘tkazilgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining yakunlari va sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bronza medal sohibi Davlat Bobonov QALAMPIR.UZ muxbirining savollariga javob berdi.

Humoyun Oripov, muxbir: — O‘zbekiston dzyudochilari “Katta dubulg‘a” turkumidagi musobaqalar va Osiyo chempionatida yaxshi natija ko‘rsatdi. Lekin Jahon chempionati va Olimpiada o‘yinlarida faqat siz medal qo‘lga kiritdingiz. G‘alabalardan keyin “yulduzlik kasaliga” chalinmadingizmi?

Davlat Bobonov, dzyudo bo‘yicha Tokio Olimpiadasi sovrindori: — Savolingiz o‘rinli, bir narsani aytib o‘tishim kerak, Olimpiada umuman boshqa darajadagi musobaqa ekan. “Katta dubulg‘a” turniri, Jahon va Osiyo chempionatlari mas’uliyatini tarozining bir pallasiga qo‘yganimizda ham, Olimpiadaning yuki ularni bosib ketadi. Hozircha yulduzlik hissiyoti bo‘lmadi. Chunki bunga haqqimiz yo‘q. Prezidentimiz bilan uchrashuvda ularning qo‘llaridan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvonini qabul qilib oldim. Kelgusi musobaqalarda yaxshi natijalar ko‘rsatishga va’da berdim. Ularni amalga oshirish uchun ikki-uch baravar ko‘proq kuch bilan harakat qilaman. 

H.O.: — Olimpiadaga jo‘nab ketishdan avval, jamoaviy musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyati haqida fikr bildirgan edingiz. Agar, Niderlandiya jamoasiga qarshi kechgan bahsda g‘alaba qozonganingizda O‘zbekiston 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l olgan bo‘lardi. Mag‘lubiyat sizga ortiqcha bosim yuklamadimi?

D.B.: — Agar Olimpiya o‘yinlarining jamoaviy bahslarida g‘alaba qozonganimda, jamoamiz keyingi bosqichga chiqar edi. Undan ikki kun avval, 5 ta dzyudochi bilan kurashdim. Uning bosimi va charchoq alomatlari juda og‘ir. Butun jamoa menga ishongan, mag‘lubiyatimni esa kutmagandi. Tatamiga chiqqan paytimda o‘z kuchimning 50-60 foizi qolganini his qildim. Jamoadoshlarimning ishonchini oqlay olmaganimdan afsusdaman. Keyingi musobaqalarning jamoaviy bahslarida ko‘p bor kurashamiz. Nasib qilsa, Osiyo o‘yinlari, Osiyo va Jahon chempionati hamda Parij Olimpiadasida bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilaman. 

H.O.: — Sizga berilgan uy, pul yutug‘i va avtomobilni nima maqsadda ishlatasiz?

D.B.: — Tokiodan qaytgan kunimiz, Prezidentimiz tomonidan uy, avtomobil va pul mukofotlari berildi. Avtomobilni dadamga sovg‘a qildim. Uyni borib ko‘rdim va yashash niyatim bor. Pulni nimaga ishlatishni esa hali o‘ylab ko‘rmadim.

Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik dzyudochilar Davlat Bobonovga qadar Olimpiada o‘yinlarida 6 ta medal qo‘lga kiritgan. 1996 yilgi Afina Olimpiadasida Armen Bagdasarov kumush, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida Abdulla Tangriyev kumush, Rishod Sobirov esa bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Sobirov 2012 yilgi London va 2016 yilgi Rioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ham bronza medal bilan taqdirlangan. Diyorbek O‘rozboyev esa Rio Olimpiadasida ishtirok etib, bronza medal sovrindoriga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Dzyudo Olimpiya o'yinlari Tokio-2020 AOKA Davlat Bobonov

Baholaganlar

2659

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing