Davlat aktivlarini tadbirkorlarga sotish tizimida haligacha byurokratizm bor – Prezident

Jamiyat

image

Kecha, 19 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlat aktivlarini tadbirkorlarga sotish tizimi tanqid qilindi, unda haligacha byurokratizm saqlanib qolayotgani aytildi.

Jumladan, auksionga qo‘yilgan ayrim yer uchastkalari va ko‘chmas mulk ob’ektlarining investitsiya majburiyatlari yuqoriligi, infratuzilma rivojlanmagan joylardan ajratilgani sababli ularning 53 foizi ko‘pdan beri sotilmay turibdi. Shuningdek, 57 ta tuman va shaharda so‘nggi 4 oyda tadbirkorlik uchun birorta yer uchastkasi auksionga chiqarilmagan. Joylarda davlat ulushi mavjud 552 ta ob’ekt bo‘sh turibdi.

Ushbu inshootlarda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, ayrimlarida kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan buyon kichik sanoat zonalari mulk huquqi asosida tashkil etilib, boshqaruvga xususiy sektor keng jalb qilinadi. Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hokimliklar bilan birga ushbu kichik sanoat zonalari joyini aniqlash, infratuzilmasiga mablag‘ ajratish, boshqaruvga xususiy sektorni keng jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Ularni infratuzilmaga ulash uchun joriy yilda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 200 milliard so‘m ajratiladi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga ajratilgan 1 trillion so‘m kredit mablag‘larini qaytarish muddati uzaytirildi. Shu bois, ushbu dasturni to‘liq amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 100 million dollar resurs ajratildi.

Prezident mahsulot, uskuna, xomashyo hamda aylanma mablag‘lar uchun kredit olishda tadbirkorlarga o‘rnatilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi kerakligini ta’kidladi. Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mahsulotlarga talabni yaratish uchun savdo faoliyatini rag‘batlantirish, aholining iste’mol qobiliyatini oshirish maqsadida iste’mol kreditlari berishni kengaytirish lozimligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing