Mirziyoyev Tojikiston Bosh vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
19 aprel
3309Dushanbega davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 aprel kuni Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev kecha, 18 aprel kuni Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanganini ta’kidladi. Shu ma’noda, oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlar ikki mamlakat hukumatlari tomonidan so‘zsiz amalga oshirilishi muhim ekani qayd etildi.
"Shu maqsadda qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va Bosh vazirlarning uchrashuvlarini tizimli ravishda tashkil etib borish zarur. Tovar ayirboshlashni oshirish, chegaraoldi savdoni va savdo infratuzilmasini rivojlantirish, avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatib o‘tildi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan to‘liq foydalanish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga borgan, u yerda mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazilgandi.
LiveBarchasi