Daromadi 5 mln so‘mdan ko‘p fuqarolar uchun 200 kVt norma qo‘llanmasligi kerak – Alisher Qodirov
Olam
−
04 iyul
39955Daromadi 5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun elektr narxidagi 200 kVt norma qo‘llanmasligi kerak. Bunday taklifni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov bildirdi.
“Odatda oyiga 300-400 ming so‘mdan oshmaydigan elektr uchun to‘lovim 800 ming so‘mdan oshdi, xursand emasman, lekin bu men ishlatgan energiya va uning haqini men to‘lashim kerak”, deydi Qodirov.
Uning aytishicha, rostdan ham ko‘makka muhtoj bo‘lgan aholi qo‘llab-quvvatlanishi kerak, biroq hamma emas.
“Masalan, daromadi 5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun elektr narxidagi 200 kVt norma qo‘llanilmasin”, deydi deputat.
U energetika sohasida bozor munosabatlari bo‘lishi shartligi, daromadsiz energetika iqtisodiyotga yuk bo‘lishini ta’kidladi.
“Tizim ta’mirtalab ekanligi uchun ta’minot sifatsiz bo‘lyapti va iste’molchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Lekin muntazam ta’mirlash uchun muntazam daromad bo‘lishi kerak. Daromad ko‘rmasa, tizim qachon o‘zgaradi! Davlat byudjeti chegarasiz emas”, deb yozadi Alisher Qodirov.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, energo resurslarni qiymatidan ikki karra arzonga sotilishi mamlakat iqtisodiyotini, pirovardida xalq turmushini yomonlashishiga sabab bo‘lyapti.
“Meni xalqim turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilishim uchun saylagan, arzon resurslar undirib berish uchun emas, grajdanin Kolya! Ishonaman, sen vatanparvarlar partiyasini saylovlardagi muvaffaqiyatiga hissangni qo‘shasan. Daromadidan ijtimoiy ko‘mak beroladigan tarmoqlar yaratishimiz kerak, yordam berish uchun daromadidan kechadigan tarmoqlar emas. Ertaga yaxshi bo‘lishi uchun bugun qiynalamiz, boshqa yo‘li yo‘q”, deydi Qodirov.
Deputatning aytishicha, 1 kilovatt elektr energiyaning tannarxi 990 so‘m bo‘lib, 200 kilovattgacha 450 so‘mdan, 1000 kilovattgacha 900 so‘mdan sotilishi yordam sifatida qabul qilinishi kerak, talab emas.
Qayd etish joizki, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Instagram’da “O‘zbekenergo 200 kvt limitni bekor qilinglar!” xeshtegi ostida chellenj davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 200 kVt/soat elektr energiyasi bir oyga yetmayotganidan shikoyat qilmoqda.
LiveBarchasi