Daraxt kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi. Uni buzganlarga jarima oshirildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi.

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytiriladi.

Moratoriy davrida amaldagi cheklov va majburiyatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda:

huquqbuzarlarga:

  • moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori 5 baravarga;
  • daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 2 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi;
  • moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi darajasi (reyting bahosi) bir pog‘ona pasaytiriladi. Bunda:
  • darajasi bir pog‘ona pasaytirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari 1 yil mobaynida darajasini ko‘tarish imkonidan mahrum bo‘ladi;
  • darajasini bir pog‘onaga pasaytirish imkoni bo‘lmagan qurilish-pudrat tashkilotlari 1 yil muddatga qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingidan to‘liq chiqarib tashlanadi;
  • yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno);
  • davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.

2022 yil 1 apreldan:

  • aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
  • huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar “102” tezkor qisqa raqami yoki “Ekonazorat” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

2022 yil 1 sentyabrgacha “Yashil makon” platformasi ishga tushiriladi.

2022 yil 1 martdan:

  • daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha miqdordagi mablag‘lar ajratiladi;
  • o‘simliklar dunyosi ob’ektlari davlat kadastri tarkibida respublikaning barcha hududlaridagi va har qanday turdagi daraxtlarning hisobini yuritish hamda ularni biriktirish uchun “Daraxtlar reyestri” tizimi joriy etiladi.
  • Shuningdek, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan shaxslarni “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amaliyoti joriy etiladi.

Farmonga ko‘ra, respublikadagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar quyidagi tartibda to‘liq raqamlashtirish yo‘li bilan xatlovdan o‘tkaziladi:

  • 2023 yil 1 martgacha – Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari bo‘yicha;
  • 2023 yil 1 sentyabrgacha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlari bo‘yicha.

Farmon bilan shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy korxonalari tashkil etildi.


Maqola muallifi

Teglar

daraxt moratoriy

Baholaganlar

21

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing