Daniyele Rugani: “Men koronavirus yuqtirib oldim”
Sport
−
12 mart 2020
7711Italiyaning “Yuventus” klubi rasmiy sayti, jamoa futbolchisi Daniyele Rugani koronavirus yuqtirib olganini rasman tasdiqladi. Futbolchining o‘zi xavotir olmayotgani haqida ma’lum qildi.
“Ha, men koronavirusga chalindim. Lekin bundan xavotir olmayapman. Ushbu virusga chalinganim haqidagi yangiliklarni o‘qib, men haqimda qayg‘urayotgan har bir insonga shuni ma’lum qilmoqchiman, men yaxshiman. Ayni paytda, shifoxonada meni sog‘ayishim uchun barcha choralarni ko‘rayotgan shifokorlarga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Menda hammasi joyida.
Sizlardan barcha qoidalarga amal qilishingizni so‘rayman. Koronavirusni yuqtirib olmaslik uchun, lozim bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘ring. Buni o‘zimiz uchun emas, yaqin insonlarimiz va atrofimizdagi odamlarning salomatligi uchun qilaylik”, dedi futbolchi.
Ma’lumot o‘rnida, Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Do‘konlar va dorixonalardan tashqari, savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi barcha tashkilotlar faoliyati to‘xtatildi.
Yevropada Italiya koronavirus o‘chog‘i, deya ta’riflanmoqda. Ayni damda ushbu davlatda 12 mingdan ziyod inson koronavirus yuqtirib olgan. 1045 nafar bemor kasallikdan forig‘ bo‘lgan. Halok bo‘lganlar esa, 827 kishini tashkil etadi.
Daniyele Rugani joriy mavsumda “Yuventus” tarkibida 25 uchrashuv o‘tkazgan. U professional faoliyati davomida Italiya milliy terma jamoasi libosida 7 marotaba maydonga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, biroz avval Krishtianu Ronalduning jamoadoshi Daniele Rugani koronavirusga chalingani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi