“Yuventus”ning yozgi transfer maqsadlari kimlar?
Sport
−
07 aprel 996 2 daqiqa
Yevropa futbolida mavsum tugashiga ikki oydan kamroq vaqt qoldi va ayni paytda yozgi transfer oynasi uchun klublar o‘z transferlarini rejalashtirishni boshlamoqda. Shu qatorda Italiyaning 36 karra chempioni “Yuventus” ham juda qimmat bo‘lmagan transfer imkoniyatlarini qidirmoqda va bir qator futbolchilar bilan aloqaga chiqishga ham ulgurdi.
“Keksa Siniora” Saudiya Arabistonidagi ilk mavsumida “Al Hilol” safida o‘zini to‘liq ko‘rsata olmagan va yozda Yevropaga qaytishi mumkin bo‘lgan Darvin Nunes bo‘yicha arab jamoasiga so‘rov yuborgan. “ Byankoneri” o‘tgan yozdayoq Lukka bilan shartnoma imzolashdan oldin “Napoli” e’tiborida bo‘lgan urugvaylik hujumchi transferiga qiziqib ko‘rgandi, ammo saudiyaliklar faolroq bo‘lib hujumchini “ilib” ketgandi. Ayni vaqtda hujumchi legionerlar limiti to‘lib qolgani bois jamoasining bu mavsumdagi chempionat o‘yinlarida ishtirok etolmaydi. “Al Hilol” bilan 2028 yilning yoziga qadar shartnomasi bo‘lgan Nunesning ayni vaqtdagi bozor qiymati 25 million yevroni tashkil qiladi.
Turinliklarning diqqat bilan kuzatayotgan futbolchilari orasida Bernardu Silva ham bor. Portugaliyalik futbolchining “Manchester Siti” bilan shartnomasi ushbu mavsum so‘ngida yakuniga yetadi va klub allaqachon uni kelajakdagi rejalariga kirmasligini ma’lum qilgan. Shunday qilib mavsum oxirida ularning yo‘llari ajraladi. Portugaliyalikka “Yuventus”dan tashqari hozirda “Barselona”, Saudiya Arabistoni Pro-ligasi va MLS’ning bir qator klublari qiziqish bildirmoqda va unga Angliyadagi maoshidan ham ko‘proq maosh taklif qilishga tayyor. Ma’lumot o‘rnida, Silvaning bozor qiymati 15 million 600 ming funt sterlingni tashkil qiladi.
Shuningdek, “Yuventus” “Bornmut”ning argentinalik markaziy himoyachisi Markos Senesi bilan allaqachon aloqa o‘rnatgan va yana “Leypsig”ning avstriyalik futbolchisi Xaver Shlagerni ham o‘z short-listiga kiritdi. Aslida jamoa Shlagerni yanvar oyidayoq sotib olmoqchi edi, ammo transfer uchun so‘ralgan 10 million yevro turinliklarga to‘g‘ri kelmagandi. Endi klub yozga borib shartnomasi tugaydigan futbolchini tekinga qo‘lga kiritishga urinib ko‘radi. Bundan tashqari, jamoa ushbu mavsum so‘ngida klublari bilan shartnomasi yakuniga yetadigan “Al-Ahli” yarim himoyachisi Frank Kessi, “Roma” vakili Zeki Chelik va “Barselona” hujumchisi Levandovskini o‘z safida ko‘rishni xohlamoqda.
Ramazon Usanov
Live
Barchasi