Daniyadagi o‘zbekistonlik Musayevga o‘rinbosar bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan Daniya qirolligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlayotgan Abdulla Abdisalamovich Azizov Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda DSQ Matbuot xizmati xabar bermoqda.

U 2004 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tamomlagan. O‘qish davomida 2003 yil Yaponiyaning Nagoya universitetida iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qigan.

2006 yili Daniyaning Orxus universitetida moliya va xalqaro biznes yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan.

Shuningdek, 2006 yilda Daniyaning Orxus texnika kollejini IT-dasturchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, ushbu yo‘nalishda mehnat faoliyatini boshlagan.

Abdulla Azizov 2006 yildan bugungi kunga qadar Daniyada “Maersk A/S”, “DONG Energy A/S”, “Carlsberg A/S”, “Implement consulting group”, “Vestas A/S” hamda yangi lavozimga tayinlangunga qadar “Danfoss” kompaniyasida Moliyaviy biznes loyihalarini avtomatlashtirish sohasiga yuqori standartlarni joriy qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

U yirik xalqaro kompaniyalarda IT-maslahatchisi, IT-yechimlarni joriy qilish loyihasi rahbari, biznes loyihasida ishlab chiqarish va strategiyalarni joriy qilish bo‘yicha menejer maslahatchisi, boshqarma boshlig‘i kabi mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritib kelgan.

Abdulla Azizov Davlat soliq qo‘mitasida joriy yilning may-avgust oylarida ekspert sifatida faoliyat olib borgani aytilmoqda. 

Ushbu qisqa davrda Rossiya Federal soliq xizmati, Birlashgan Arab Amirligi, Janubiy Koreya, Xitoy va Jahon banki ekspertlari bilan soliq organlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda bu sohada malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvlar imzolanishiga erishilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Davlat soliq qo'mitasi Abdulla Azizov

Baholaganlar

134

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing