Apple, Google, Meta: xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonga qanchadan soliq to‘layapti?
Jamiyat
−
31 iyul 2230 3 daqiqa
Joriy yilning ilk yarim yilligida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 97 ta xorijiy kompaniya tomonidan 143,8 milliard so‘m soliq to‘langan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yilning dastlabki 6 oyida elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 97 ta xorijiy kompaniya 143,8 milliard so‘m soliq to‘lagan. Bu avvalgi yilgiga nisbatan 84 foiz o‘sish demakdir. 2025 yilning xos davrida 72 ta xorijiy kompaniya 78,2 milliard so‘m soliq to‘lagan edi.
Bu safar Apple eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniya bo‘lib, 33,6 milliard so‘mni davlat byudjeti hisobiga o‘tkazgan. Google esa 33,3 milliard so‘m soliq to‘lagan. Qiziqarli jihati, O‘zbekistonda bloklangan Tik Tok ham shu yilning ilk olti oyligida 1,6 milliard so‘m soliq to‘lagan. Bir yil avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra esa korxona 1,8 milliard so‘m soliq to‘laganlik ko‘rsatkichi bilan eng ko‘p byudjetni boyitgan xorijiy kompaniyalar orasida oltinchi bo‘lgandi.
Qo‘mitaning yangilangan statistikasiga ko‘ra, bu yil kuchli o‘ntalik ro‘yxatiga avvalgi yilning xos davridan farqli ikkita yangi sun’iy intellekt kompaniyasi hamda yana ikkita video o‘yinlari sohasiga tegishli kompaniyalar qo‘shilgan.
Sun’iy intellekt kompaniyalari qatorida iCloude tizimi bilan tanilgan AQSHning Anthropic (6,3 mlrd so‘m) hamda Cursor AI tizimi egasi Anysphere (1,5 mlrd) kompaniyalari yangi ro‘yxatning o‘ntaligidan joy olgan. Mashhur OpenAI esa avvalgi yil 2,9 milliard so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, bu safar qo‘shimcha yana 2,7 milliard so‘m byudjetga foyda keltirgan.
Shuningdek, bu safargi soliq berarlarning ichida dunyodagi eng mashhur videoo‘yin kompaniyalaridan biri – Counter-Strike, Dota 2, Half-Life va Portal kabi o‘yinlar muallifi Valve Corporation 15,8 milliard soliq tushumi bilan eng ko‘p to‘laganlar qatorida to‘rtinchi bo‘lgan.
Bundan tashqari, yana bir videoo‘yin bozori giganti Tencent’ning rasmiy o‘yin valyutalari va raqamli tovarlarni to‘ldirish (top-up) platformasi – PUBG Mobile UC, Honor of Kings, Delta Force, Arena Breakout, Valorant Points, Roblox Robux va boshqa ko‘plab o‘yinlar uchun rasmiy tarzda to‘lov qilish huquqining egasi Midasbuy tizimi ham mamlakat g‘aznasiga sal kam 3 milliard so‘m o‘tkazgan.
Biroq avvalgi yilda top o‘ntalikda turgan Netflix (896,2 mln so‘m), Acca (797,1 mln so‘m), Zoom (786,7 mln so‘m) va Adobe (530,8 mln so‘m) kompaniyalari bu yilning dastlabki yarim yilligidagi yirik soliq to‘lovchilar qatoriga qo‘shilmagan.
Eng ko‘p soliq to‘lagan elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi Top-10 ta xorijiy kompaniya:
Apple – 33,6 mlrd so‘m;
Google – 33,3 mlrd so‘m;
Meta – 28,9 mlrd so‘m;
Valve Corp. – 15,8 mlrd so‘m;
Anthropic – 6,3 mlrd so‘m;
OpenAI – 5,6 mlrd so‘m;
Midasbuy – 2,9 mlrd so‘m;
Booking.com – 2,6 mlrd so‘m;
Tik Tok –1,6 mlrd so‘m;
Anysphere – 1,5 mlrd so‘m.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning I choragida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 89 ta xorijiy kompaniya tomonidan 65,7 milliard so‘m soliq to‘langani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi