4 hudud soliqboshilari unvonidan mahrum etilib, ishdan haydaldi
Jamiyat
−
06 noyabr 2022
29434Davlat Soliq boshqarmalarining 4 nafar mas’ullari maxsus unvonlaridan mahrum etilib, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.
4 noyabr kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev rahbarligida o‘tkazilgan Qo‘mitaning navbatdagi hay’at majlisida, yanvar-oktyabr oylarida byudjetga 123,8 trln so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 trln so‘mga ko‘p soliq tushumlari ta’minlangani va hududiy davlat soliq boshqarmalarida tushumlarning o‘sishi 33 foizga yetgani qayd etilgan.
Shuningdek, aylanmadan olinadigan soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 140 foiz, QQS 133 foiz va foyda solig‘i tushumlari (Navoiy va Olmaliq KMKlaridan tashqari) 156 foizga o‘sganligi ko‘rsatilib o‘tilgan.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda byudjetga qo‘shimcha daromadlarni jalb etish, QQS manfiy summalarni qoplab berish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda sansolarlikka yo‘l qo‘yilayotgani hamda soliq organlari tomonidan mavjud raqamlashtirish yangi instrumentlari orqali yetishtirilgan paxta hosili hisobini yuritish va o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solishda qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetarlicha ko‘maklashilmayotganligi tanqidiy ko‘rib chiqilgan va yo‘l qo‘ygan jiddiy xato, kamchiliklari uchun Farg‘ona, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi DSBlarining 4 nafar mas’ullari maxsus unvonlaridan mahrum etilib, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, 4 rahbar va mas’ullarning intizomiy javobgarliklari ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonning 13 ta hududidagi soliq inspeksiyalari boshliqlari ishdan olingan edi.
LiveBarchasi