Blogerlar bilishi shart: ular qay tartibda soliq to‘laydi? (video)

Jamiyat

image

100 AQSH dollarlik kupyurada surati tushirilgan AQSHning asoschilaridan biri Benjamen Franklin aytganidek, bu dunyoda o‘lim va soliqlardan bo‘lak hech narsa aniq (muqarrar) emas. Muqim bir mamlakatda faoliyat yurituvchi har bir yasharmanning soliqlarda o‘z ulushi bor. Shu nuqtai-nazardan, yaqin kunlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan blogerlarning soliq to‘lash mavzusi yanada oydinlashdi. O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan blogerlar aynan qaysi yo‘l va tartibda davlat solig‘ini to‘lashi bayon qilindi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining axborot xizmati xabar berdi. 

Unda qayd etilishicha, mamlakat hududida blogerlik faoliyatini uch xil ko‘rinishda amalga oshirish mumkin. Birinchisi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida. Bunda bloger rasmiy xodim yollay olmaydi va administrator ishlatishi ham mumkin emas. Bu tartibda faoliyat olib boruvchi blogerlar 2026 yil 1 yanvardan 1 milliard so‘mgacha daromad uchun 1 foiz miqdorda aylanmadan olinadigan soliqlar to‘laydi. 

Ikkinchisi, bu yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritish. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu huquqiy maqom blogerlar orasida eng ko‘p qo‘llaniladi. Bunda blogerlar reklama, foto va video xizmatlarni ko‘rsatishi va beshtagacha xodim yollashi mumkin bo‘ladi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan daromad uchun YATT tartibidagi soha egalari 1 foiz miqdorda aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. Biroq bir narsani unutmaslik kerak, agar daromad 1 milliard so‘mdan oshsa, umumiy soliq rejimida qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda va ijtimoiy soliqlar ham to‘lanishi shart bo‘ladi. 

Uchinchisi esa, yuridik shaxs sifatida faoliyat olib boruvchi bloger sifatida ro‘yxatdan o‘tish. Bunda 12 foiz miqdorda qo‘shilgan qiymat solig‘i, 15 foiz miqdorda foyda solig‘i, 12 foiz miqdorda ijtimoiy soliq va boshqa soliqlar to‘lanadi. 

Agar bloger hech qanday ro‘yxatdan o‘tmasdan, jismoniy shaxs sifatida ishlasa va reklama xizmatidan daromad topayotgan bo‘lsa, unda soliq organiga tegishli tartibda yiliga bir marta deklaratsiya topshirib, 12 foiz miqdorda daromad solig‘ini to‘lashi kerak bo‘ladi. Bunda jarayon masofadan turib, “Soliq” mobil ilovasi orqali yoki my3.soliq.uz portaliga kirgan holda deklaratsiyalarni to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 3 milliondan ortiq obunachiga ega olti nafar top bloger 2025 yil davomida jami 2,7 milliard so‘m daromad topib, byudjetga 110,4 million so‘m soliq to‘lagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq Bloger Davlat soliq qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing