Daniyada ayollar uchun majburiy harbiy xizmat joriy etildi
Olam
−
02 iyul 2416 2 daqiqa
Kecha, 1 iyuldan boshlab Daniya fuqarosi bo‘lgan ayollar harbiy ro‘yxatda turishi va zarurat tug‘ilganda muddatli harbiy xizmatni o‘tashi shart bo‘lgan tartib kuchga kirdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqirishda avvalo har ikki jins vakillari bo‘lgan ko‘ngillilarga ustuvorlik beriladi. Qolgan o‘rinlar esa maxsus “lotereya” asosida, jumladan, ayollar ishtirokida taqsimlanadi.
Bungacha Daniya ayollari faqat ko‘ngilli asosda harbiy xizmatni o‘tashi mumkin edi. Shuningdek, chaqiriq asosidagi xizmat muddati ham o‘zgartirilib, ilgari to‘rt oy bo‘lgan bo‘lsa, endi bu muddat 11 oygacha uzaytirilmoqda, shundan 5 oyi o‘quv-tayyorgarlik bosqichiga ajratiladi.
BBC xabariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar Daniyaning NATO a’zosi sifatidagi harbiy xarajatlarni oshirish majburiyatlari bilan bog‘liq. Yevropadagi xavfsizlikka tahdidlar keskin ortgan bir paytda Daniya mudofaa salohiyatini kuchaytirishga intilmoqda. “Associated Press” esa bu islohotni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi bilan bog‘liq deb baholaydi.
Daniya harbiy xizmatga chaqiruv dasturi rahbari polkovnik Kennet Stromning so‘zlariga ko‘ra, chaqiriluvchilar sonining oshishi mamlakatning harbiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda Daniyada to‘rt oylik muddatli xizmatni 4700 nafar fuqaro o‘tagan, ularning deyarli 24 foizi ayol ko‘ngillilar bo‘lgan. Yangi tartibga ko‘ra, 2033 yilgacha bu ko‘rsatkichni yiliga 6500 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Daniyada, shuningdek, 9000 ga yaqin professional harbiy xizmatchi mavjud.
Ma’lumot uchun, Norvegiya ayollar uchun harbiy majburiyatni 2013 yilda, Shvetsiya esa 2017 yilda joriy etgan.
Eslatib o‘tamiz, Daniya Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen joriy yilning mart oyida mamlakat hukumati ayollar uchun majburiy harbiy xizmatni joriy etishini ma’lum qilgan edi. Daniya Qurolli kuchlari shtabining amaldagi boshlig‘i Maykl Xildgard ham ushbu chora mudofaa uchun zarurligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi