“Dangasalik” tamg‘asidan Skandinaviyagacha: Shvetsiya o‘zbeklarni ishga taklif qiladi
Tahlil
−
11 iyun 6226 9 daqiqa
Musofirlik yukini yelkasiga olgan migrantlar O‘zbekiston uchun eng muhim mavzulardan biri, shubhasiz. Davrlar misolida voqeliklarni solishtirish kimlar uchundir g‘alati ko‘rinishi mumkin. Ammo aynan mehnat muhojirlari mavzusida O‘zbekistonda ikki xil munosabatga guvoh bo‘layotganimiz hech kimga sir emas. Odamlarning, ayniqsa migrantlarning eng ko‘p esida qolgan, hozirgacha misol qilib eslaydigan voqealari ularning dangasa ekanligi aytilgani.
Ehtimol, o‘sha davr siyosatida bu gaplarni aytish majburiyat bo‘lgandir, balki haqiqatda ham shu fikr eng to‘g‘risi deb ishonilgandir. Bu bizga qorong‘i. Biroq chetda qon yutib, sovuqda muzlab, oilasiga pul topib yuborayotgan mehnatkashlar bu munosabatni “bizdan uyalishadi” deb qabul qilgani bor gap. Hatto bu gapdan keyin “Migrantlarni himoya qilish u yoqda tursin, ularni borligini tan olish xohlanmaydi” degan qarashlar shakllangan edi.
Biroq, Yangi O‘zbekiston birinchi ma’muriyat davridagidek o‘z mehnat muhojirlariga panja orasidan qaramayapti. Bu gapni kimgadir yoqish uchun emas, migrantlarni sharoitini yaxshilash, dunyoning nufuzli, xavfsiz va yanada daromadli sohalarini egallashi uchun qilinayotgan harakatlar hamda davlatlar bilan kelishuvlarni ko‘rganimiz uchun aytyapmiz.
Aslida ijobiy o‘zgarishlarga ham yetarli sabablar bor. Bugun migrant yuborayotgan pul shunchaki uning o‘zining tirikchilik manbasi emas, u mamlakat iqtisodiyotining asosiy lokomotiviga aylangan. Raqamlarga e’tibor bering: 2025 yil yakunlari bo‘yicha xorijdan O‘zbekistonga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining hajmi rekord darajaga – 18,9 milliard dollarga yetdi! Bu 2024 yilga nisbatan 27,7 foizga yoki 4,1 milliard dollarga ko‘p demakdir. Bu mablag‘lar ortida millionlab oilalarning farovonligi, qurilayotgan uylar, o‘qitilayotgan talabalar, sotib olinayotgan mashinalar, boshlanayotgan bizneslar turibdi.
Biroq, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Bugun hukumat oldida migrantlarni shunchaki ishga joylash emas, balki ularning xavfsizligini ta’minlash, huquqiy ko‘mak ko‘rsatish masalasi ham ko‘ndalang turibdi. Afsuski, hanuzgacha ko‘plab mamlakatlarda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq jinoiy holatlar sodir bo‘lishi, ularning jinoyat qurboni bo‘lishi yoki bilimsizlikdan jinoyatga aralashib qolishi, mahalliy politsiya reydlarida kamsitilishi holatlari ortgandan ortmoqda. Bu gapni eshitishi bilan ko‘pchilikning xayoliga bir davlat keladi. Topdingiz – Rossiya!
Shu yilning boshida, 2 yanvar kuni o‘zbekistonlik mehnat muhojiri, samarqandlik erkak Rossiya kuch ishlatar tuzilmalari – maxsus maqsadli mobil otryadi, ya’ni OMON tomonidan amalga oshirilgan qiynoq oqibatida jon bergani ma’lum qilindi. Aslida bu fojia 12 dekabr kuni Rossiyaning Xabarovsk shahrida sodir bo‘lgani, ammo darhol oshkor qilinmagani ma’lum bo‘lgandi.
O‘zi umuman bu davlatda mehnat muhojirlariga munosabat juda keskinlashgan. Ayniqsa Ukraina bilan boshlangan urushga yollanma askarlar yetkazib berish g‘oyasi paydo bo‘lganidan beri, migrantlarni arzimagan sabablar bilan qamoqqa olib, ularni urushga yuborishga majburlash yoki uzoq muddatli qamoq bilan qo‘rqitish holatlari bo‘layotgani hech kimga sir emas. Bu kabi munosabat faqat davlat idoralarida emas, oddiy fuqarolarining ayrimlariga ham agressiya bilan ko‘chgan. O‘zbekistonlik taksi haydovchisiga qilingan qo‘pol munosabat esingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak.
O‘zbekiston Tashqi menat migratsiyasi agentligining 2025 yil oktyabr oyidagi ma’lumotlariga ishonilsa, 1,3 milliondan ortiq o‘zbekistonlik Rossiyada mehnat migranti maqomini olgan. Biroq norasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonning ro‘zg‘or dardida xorijga chiqib ketgan fuqarolari 3 milliondan ortiqligi, Rossiyada esa, 2 milliondan ko‘p o‘zbekistonlik ishlayotgani aytiladi. Tobora migrantlarga keskinlashayotgan munosabat fonida turli xavf va xo‘rliklardan o‘zbekistonliklarni asrash uchun davlat endi migratsiya geografiyasini kengaytiryapti. Bir qator davlatlar bilan shartnomalar tuzildi.
So‘nggi o‘n yillikda xavfsizlik va huquqiy kafolatlar ustuvor bo‘lgan 30 dan ortiq mamlakat bilan rasmiy hukumatlararo kelishuvlar imzolandi. Bu yo‘nalishda Yevropa va Osiyoning yetakchi iqtisodiyotlari bilan aniq kvota va tarmoqlar bo‘yicha amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Endi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga faqat ko‘cha supurish yoki og‘ir ishlar emas, boshqaruv, ofis, tibbiyot va IT sohalari ham ishonib topshirilyapti.
Xususan, Germaniya bilan imzolangan bitim doirasida tibbiyot, transport va qurilish yo‘nalishlarida 40 mingdan ziyod qonuniy ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, Buyuk Britaniya hukumati bilan kelishuvlar asosan yuqori daromadli qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarni qamrab olgan. Osiyo yo‘nalishida esa, Janubiy Koreya an’anaviy EPS tizimi orqali qariyb 95 ming nafar hamyurtimizni qonuniy ish bilan ta’minlab kelmoqda. Yaponiya esa, “Maxsus malakali ishchi” dasturi doirasida qurilish va ijtimoiy xizmat sohalariga 10 ming nafar mutaxassis qabul qilishni boshlagan. Bundan tashqari, Polsha, Vengriya, Litva va Latviya kabi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan logistika hamda ishlab chiqarish sohalarida, Saudiya Arabistoni va Qatar kabi Yaqin Sharq davlatlari bilan esa xizmat ko‘rsatish va tibbiyot tarmoqlarida o‘nlab yangi shartnomalar amaliyotga tatbiq etildi. Va endi bular qatoriga Shvetsiya Qirolligi ham qo‘shildi.
Bugun, 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining xalqaro rivojlanish hamkorligi va tashqi savdo bo‘yicha davlat kotibi Diana Yanse boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.
“Qiyosiy qilib aytsa, O‘zbekistonda bu tajriba juda katta. Yevropaning ko‘p mamlakatlari bilan bunday hukumatlararo bitimlar imzolandi, lekin Shvetsiya uchun bu tarixida birinchi marta. Hali hech qaysi boshqa mamlakat bilan Shvetsiya migratsiya haqidagi bitimni imzolamagan. Bu birinchi tajriba bo‘ldi ular uchun ham. Bunday bitimning imzolanishi evaziga endi ularning ish beruvchilari talablari asosida O‘zbekistonda birinchi navbatda til bo‘yicha, undan keyin kasb bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga e’tibor qaratiladi. Bu maqsadda Shvetsiya hukumati 3-4 million yevro miqdoridagi grant mablag‘larini ham ajratdi. Malakasi yuqori bo‘lgan mutaxassislarga talab bo‘ladi. Bu birinchi navbatda IT sohasi. Undan tashqari, telefoniya, raqamlashtirish, tibbiyot sohasi. Tibbiyot mutaxassislari, hamshiralar yo‘nalishlarida mutaxassislarga juda talab yuqori. 20 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan talabni Yevropa ish beruvchilari bizdan so‘rab kelmoqda. Maosh 1000 dollardan kam bo‘ladigan ish beruvchi bilan biz hech qanday muzokaralar olib bormayapmiz. Biz har doim qo‘yadigan masalalarimiz — birinchi navbatda bu oylik emas. Birinchisi, ularning huquqiy himoyasi, ya’ni qayerda yashashi, beriladigan ijtimoiy yengilliklar, tibbiy imkoniyat, kun davomida ishlash vaqti, yil davomida oladigan ta’til davri va hokazo” dedi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rahbari Behzod Musayev.
Yangi davlatlar ochilayotgani yaxshi. Ammo u yerga yuboriladiganlarning qanday saralanishi bugun shubha va biroz ishonchsizlik bilan qaraladigan masalaga aylanib qolgani ham sir emas. Hatto “chet elda ishlash uchun yuboriladiganlar ro‘yxatiga kirish uchun ham kimgadir qistir-qistir qilish kerak” degan ayblovli gaplarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bunga isbotlaridan biri esa, shu yil may oyida e’lon qilingan edi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aynan Shvetsiya bilan tarixiy bitim imzolangani haqida gapirgan Behzod Musayev rahbarlik qiluvchi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlaridan iborat uyushgan jinoiy guruh aniqlanganini nazarda tutyapman. Ular Koreya davlatiga mehnat muhojiri sifatida ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema yaratib, 35 nafar fuqarodan jami 263,5 ming AQSH dollarini kissasiga urgan. Tabiiyki, yana shunday bo‘lmaydimi degan savol hammani qiziqtiradi.
“Biz bu masalada keskin kurashyapmiz. Birinchi navbatda, har bir tanlovni shaffof o‘tkazish, bunga haqiqatda tayyorlangan, motivatsiyasi bo‘lgan, ertaga borib o‘zi uchun, o‘zining oilasi uchun, qolaversa, vatani uchun foyda keltirmoqchi bo‘lgan yoshlarga imkoniyat yaratiladi. Hech kimga qandaydir qo‘shimcha imtiyoz berilmaydi, hammaga yaratilgan imkoniyatlarni birday berishga harakat qilib kelyapmiz va korrupsiyaga qarshi keskin kurashyapmiz”, dedi Behzod Musayev.
Bugun qonuniy yo‘l bilan chet mamlakatga borib olganidan so‘ng, boshqa ishga noqonuniy o‘tib ketayotgan, shartnoma shartlarini bajarmayotgan o‘zbekistonliklar ham yo‘q emas. Tabiiyki, bunday munosabat ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlarga jiddiy va salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.
Xo‘sh, yangi ochilgan yo‘nalish – Shvetsiya Qirolligi hamyurtlarimizga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi va u yerdagi shart-sharoitlar qanday? Skandinaviyaning ushbu yetakchi davlatida qonuniy ishlaydigan muhojirlarning huquqlari qat’iy himoya qilinadi. Ammo buning o‘ziga yarasha talab va majburiyatlari ham bor. Lekin ulardan oldin ko‘pchilikni qiziqtirgan masalaga, daromadga to‘xtalamiz. Shvetsiyada rasmiy ravishda eng kam ish haqi tushunchasi yo‘q, barchasi kasaba uyushmalari va ish beruvchi o‘rtasidagi jamoaviy shartnomalar bilan tartibga solinadi. Bugungi kunda migrantlar uchun eng ommabop sohalardagi o‘rtacha oylik maoshlar quyidagicha ko‘rinishga ega:
Tibbiyot va parvarishlash sohasi, ya’ni qariyalar va bemorlarni parvarish qiluvchilarga 28 000 dan 36 000 shved kronasigacha (taxminan $2 600 – $3 400) to‘lanadi.
Texnika va IT sohasi vakillariga esa, malakasiga qarab 38 000 dan 55 000 shved kronasigacha (taxminan $3 600 – $5 200) haq beriladi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi – mehmonxona, restoran, logistika yo‘nalishidagi ishchilar oyiga $2 300 dan $3 000 gacha topishi mumkin.
Shu o‘rinda muhim fakt: Shvetsiyada soliq tizimi progressiv xarakterga ega. Mehnat migrantlari o‘z daromadlaridan o‘rtacha 22 foizdan 32 foizgacha daromad solig‘i to‘laydilar. Yuqori maosh egalari uchun bu ko‘rsatkich bundan ham ortishi mumkin. Biroq, bu soliqlar shunchaki ushlab qolinmaydi, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy xizmatlar sifatiga yo‘naltiriladi. Shvetsiya mehnat bozorining o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. U yerga ishlashga borayotgan o‘zbekistonliklar yaxshi bilishi shart bo‘lgan jihatlarni sanab o‘taman.
Birinchisi – Teng huquqlilik: qonuniy shartnoma bilan borgan migrant mehnat huquqlari borasida Shvetsiya fuqarosi bilan teng maqomga ega bo‘ladi. Ish beruvchi unga shartnomada ko‘rsatilganidan kam maosh berishi, ish vaqtini asossiz uzaytirishi mutlaqo mumkin emas.
Ikkinchisi – ijtimoiy imkoniyatlar: har bir qonuniy ishchi majburiy tibbiy va ijtimoiy sug‘urtaga ega bo‘ladi. Ish jarayonida jarohatlanganda yoki kasal bo‘lganda davlat va sug‘urta kompaniyasi barcha xarajatlarni qoplaydi.
Uchinchisi – til va malaka talabi: Shvetsiyada tibbiyot va texnika sohalarida ishlash uchun ingliz tilini mukammal bilish, ko‘p hollarda esa, shved tilini ma’lum darajada o‘zlashtirish talab etiladi. Shuningdek, diplom va sertifikatlarni legallashtirish asosiy shartlardan biridir.
To‘rtinchisi – shartnomani buzmaslik majburiyati: Shvetsiya qonunchiligiga ko‘ra, ishchi vizasi dastlab ma’lum bir ish beruvchi va aniq bir vakansiya uchun beriladi. Agar migrant shartnomani o‘zboshimchalik bilan buzib, boshqa ishga o‘tib ketsa yoki noqonuniy qolib ketsa, u darhol mamlakatdan deportatsiya qilinadi va butun Yevropa Ittifoqiga kirish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugun dunyoning eng rivojlangan, xavfsiz va eng muhimi – inson qadri yuqori bo‘lgan mamlakatlariga eshiklar ochib berilyapti. London dalalari, Germaniya klinikalari, Janubiy Koreya zavodlari va mana endi Shvetsiya iqtisodiyoti. Ammo bu imkoniyatlardan qanday foydalanish, davlatning xalqaro maydondagi obro‘sini asrash, o‘zidan keyin halol mehnat qilib, yaxshi daromad olish ilinjida keladigan o‘zbeklarning ishlay olish imkoniyati endi har bir muhojirning o‘z mas’uliyatiga, uning huquqiy savodxonligi va madaniyatiga bog‘liq. Zero, zamonaviy mehnat migratsiyasi – bu shunchaki tirikchilik emas, bu millat salohiyatini va intellektini dunyoga ko‘rsatish imkoniyatidir. Qolaversa, bir mansab, ishonib topshirilgan, bugun kimlarnidir chetga ishlashga yuborish tanlovini qila olish imkoniyati berilgan amaldorlar ham faqat o‘z nafsini o‘ylamasligi, pul topish uchun oilasidan uzoqqa ketishga majbur bo‘layotganlardan pul talab qilib, shu tizimni ham korrupsiya botqog‘iga aylantirmasligi kerak.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust