Dam olish kunlari tibbiyot muassasalari ishlaydimi?
Jamiyat
−
30 dekabr 2021
8107O‘zbekistonda Yangi bayrami munosabati bilan ketma-ket 5 kun davom etadigan dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari kun-u tun ishlab turadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bayram kunlarida mamlakatdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida shtab tashkil etilgan va bugun, 30 dekabr kuni uning dastlabki yig‘ilishi o‘tkazilgan.
SSVning ma’lum qilishicha, 31 dekabr — 4 yanvar kunlarida quyidagi davolash-profilaktika muassasalarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi:
• 995 ta oilaviy poliklinika;
• 858 ta oilaviy shifokor punkti;
• tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar;
• ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari;
• tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari.
Shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 180 ta aholi punktida joylashgan subfiliallarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yartilgani ta’kidlandi.
“Call-markaz (1003) orqali malakali mutaxassislardan koronavirus bo‘yicha savollaringizga tunu kun javob olishingiz mumkin.
O‘z navbatida, mamlakatimiz bo‘ylab 2861 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda turadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan tashqari, bayram kunlari 238 ta tug‘ruq muassasasi ham uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi.
Sanitariya-epidemiololgiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo‘limlarida ham 24 soat davomida 200 nafardan ziyod navbatchi shifokor, qariyb 200 nafarga yaqin vrach-laborant va yordamchi xodimlar o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bayram va dam olish kunlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlariga o‘z minnatdorligini bildirgan.