“Dacha”ni narkolaboratoriyaga aylantirganlar ushlandi
3-sahifa
−
12 fevral 2056 2 daqiqa
Bojxona qo‘mitasining Toshkent va Andijon viloyatlari bojxona boshqarmalarining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limlari, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent va Andijon viloyatlari boshqarmalari hamda Ichki ishlar idoralari vakillaridan iborat maxsus tezkor guruh sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlab kelingan yirik narkolaboratoriya faoliyatini fosh qildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari davomida dastlab Toshkent viloyatining Zangiota tumanida oldindan kuzatuvga olingan shaxs to‘xtatilib, tekshirilganida uning yonida 2 ming so‘mlik kupyuraga o‘ralgan holatda 0,13 gr “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.
Narkojinoyatning ildiziga yetib borish va to‘liq bartaraf etish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning ko‘rsatmasiga asosan Toshkent katta halqa yo‘lining Zangiota tumanidan o‘tuvchi qismidagi yo‘l chetida joylashgan ombor ko‘zdan kechirilgan. Natijada u yerda 5 dona metall va yelim idishlarda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda qo‘llaniladigan 900 litr prekursor saqlanayotgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida Andijon viloyatida yana 2 nafar shaxs shubha ostiga olinib, yashirin kuzatilgan. Ular turli manzillarda ko‘mib qo‘yilgan 100 litr suyuq va 25 kg kukun ko‘rinishidagi prekursorlarni olib, Andijon shahrining Bog‘ishamol mahallasidagi dalahovliga olib borgan. Tezkor tadbir davomida ushbu dalahovli ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, u yerda yashirin narkolaboratoriya tashkil qilingani fosh bo‘lgan. Dalahovlida jami 26 kg og‘irlikdagi “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi, noma’lum kimoviy suyuklik shaklidagi 5 turdagi 590 litr prekursorlar saqlanayotgani aniqlangan.
Dastlabki tekshiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, ushbu 2 kishi ijtimoiy tarmoqlardagi “Saymon” laqabli shaxs ko‘magida 15 ming 800 AQSH dollariga ushbu dalahovlini sotib olgan va narkolaboratoriya tashkil qilgan.
Shunday qilib, o‘tkazilgan keng qamrovli va ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar yakunida 26 kg og‘irlikdagi “mefedron” hamda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda qo‘llaniladigan salkam 1,5 tonna prekursorlar va kimoviy suyuqliklar, turli maxsus anjomlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, yil boshidan buyon respublika bo‘ylab bojxona organlari tomonidan 200 kilogrammdan ziyod an’anaviy va sintetik giyohvandlik vositalari, 27 kg psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 18 yoshli qiz va 22 yoshli yigit uyini narkolaboratoriya aylantirganligi aniqlangandi.
Live
Barchasi