Da’vo arizasi bizga yetib kelmagan! – “QURAMAX MEDIKAL” MCHJ

Jamiyat

image

Shu kungacha 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropini O‘zbekistonga olib kirgan “QURAMAX MEDIKAL” kompaniyasi ustidan jinoyat ishi ochilgan. 

Bugun, 13 yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida bo‘lib o‘tgan sudda “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga 2019 yil 10 dekabrda farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

Sud jarayonida ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbirining ma’lum qilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga korxonaga berilgan litsenziyani bekor qilish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan. 

Sudning 2023 yil 6 yanvardagi ajrimi bilan SSV huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining arizasi ish yuritishga qabul qilingan va sud ishi bugun, 13 yanvarga belgilangan.

Biroq javobgar tomon – “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan hech qanday davo arizasi yetib kelmagan.

“Javobgarga da’vogar tomonidan berilgan ariza shikoyati yetib kelmagan. Faqatgina sudga chaqiruv qog‘ozi keldi. Arizaning mazmuni bilan tanish emasmiz. Shuning uchun bizga arizani taqdim etish va ish bilan tanishishga imkon berishingizni so‘raymiz.To‘g‘ri, siz protsessual kodeks bo‘yicha taraflarga chaqiruvning pochta orqali yuborilganlik faktini inobatga olasiz va bu sud tomonidan arizani qabul qilishga asos bo‘ladi. Lekin siz hozir bizga, javobgar tomonga yetib kelmagan ish bo‘yicha sud pretsessini davom ettiryapsiz. Bizga o‘zimizni himoya qilish uchun imkoniyat qoldirmayapsiz”, deydi korxona advokati Davronbek Ahmatov.

Shuningdek, u sudda javobgar tomoni o‘z huquqlari va manfaatlarini ifodalash uchun da’vogar tomonidan keltirilgan ariza bilan tanishgan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Bu sud jarayoni boshlanishidan va da’vogar sudga ariza berishidan avval “QURAMAX MEDIKAL” MCHJning ofisi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xatlangan edi. Shuning uchun balki pochtachi qaytib ketgandir”, deya tushuntirish berdi korxonaning vakili advokat Davron Ahmatov.

Biroq, mazkur tushuntirishlarga qaramay, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi javobgar tomonga da’vo arizasi bilan tanishib chiqish uchun sud majlisining o‘zida qisqa vaqt berdi va bu vaqt hujjat bilan to‘laqonli darajada tanishib chiqish uchun yetmasligi aytilsa-da, sudya ishni ko‘rib chiqishni davom ettirishini bildirdi.

Shundan so‘ng, korxona advokati Davronbek Ahmatov sudyaga nisbatan raddiya bildirdi. Lekin uning sud ishi doirasida sudyani almashtirish haqidagi talabnomasi ham qondirilmadi.

Juda tezkorlik bilan bo‘lib o‘tgan sudda bugunning o‘zida hal qiluv qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra esa “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi P6580-sonli litsenziya bekor qilinishi va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.

Korxona vakilining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, sudning hal qiluv qarori bo‘yicha hujjatlar bilan to‘liq tanishib chiqilgach, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qarori ustidan appelatsiya shikoyati berilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

litsenziya SSV dori Farmatsevtika “Dok-1 Maks” “QURAMAX MEDIKAL”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing