CZN Burak bilan turk oshxonasiga sayohat – QALAMPIR.UZ’dan eksklyuziv intervyu
Intervyu
−
14 yanvar 2020
16034Yaqinda xizmat safari bilan Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘ldik. Ijtimoiy tarmoqlarda dunyo yulduziga aylangan va millionlab kuzatuvchilarga ega bo‘lgan mashhur shaxslarning ko‘pchiligi turkiyalik. Bular orasida oshpaz Burak O‘zdemir va Nusretni alohida qayd etish mumkin. Birgina Burak O‘zdemirni Instsgram’da 13,5 million foydalanuvchi kuzatib kelyapti. U tayyorlagan taomlar internetda anchayin mashhur. Burak boshchiligidagi restoran esa dunyoning eng taniqli shaxslari – aktyorlar, futbolchilar, hatto, siyosatchilarga ham mezbonlik qiladi. Biz ham Istanbulga safarimiz davomida Burak O‘zdemirning restoranida mehmon bo‘ldik va u bilan suhbat qurdik. Ushbu videointervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
Qamariddin Shayxov, jurnalist: — Vaqt ajratib bizni qabul qilganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Bilamiz internetda, ijtimoiy tarmoqlarda juda mashhur odamlardan birisiz. Fenomenlik, mashhur bo‘lish qiyin emasmi?
Burak O‘zdemir, oshpaz: — Yana bir bor xush kelibsiz! O‘zbekistondan jurnalist keldi deyishdi. Men darrov rozi bo‘ldim. Chunki, men bu yerda juda ko‘p o‘zbek mehmonlarni kutib olaman. Juda ko‘p o‘zbek do‘stlarim ham bor. Haqiqatan ham juda yaxshi insonlar. Shuning uchun men bilan suhbat uyushtirganingiz uchun rahmat aytaman.
Savolga kelsak, men o‘z mehnatim bilan yuksalishni xohladim doim. Buning uchun qo‘limdan kelganicha harakat qildim. Jamoa tashkil qildim. Bundan tashqari sizlar kabi qadrli muxlislarim bor. Shu bilan birga sheriklarim bilan yanada yuqoriroq cho‘qqilarni egallashni rejalashtiryapmiz.
Q.Sh.: — Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqda, internetda juda mashhur odamsiz. Oson emas albatta. Buni qanday qiyinchiliklari bor?
B.O‘.: — Qiyinchiliklari bor. Bizda Hazrat Mavlononing bir gapi bor: Yaxshi ko‘z bilan qaragan, yaxshini ko‘radi. Biz albatta har yangi kunni yaxshi kutib olamiz. Bundan tashqari, bu yerda puldan ko‘proq insonlarning bizni yaxshi ko‘rishlari, biz uchun muhimroq. Bizni kuzatayotganlarga, ijtimoiy tarmoqlar orqali bizni kuzatib borayotganlarga har doim nima qilishim mumkin, bundan ham yaxshi bo‘lishi uchun nima qilsak insonlar xursand bo‘lishadi, ko‘rishadi va zerikishmaydi degan savolni o‘zimga beraman. Ya’ni har kuni yangilik yaratishga harakat qilaman. Albatta, bunda qiyinchiliklar bo‘lib turadi. Chunki, bu yerda 1000 nafar odam ishlaydi. Allohga shukr, qiyin demaymiz, faqatgina ko‘proq vaqt kerak.
Q.Sh.: — Burak nomi ortidan Turk oshxonasini dunyoga tanityapsiz. Ammo CZN’ning ma’nosi nima? Buni ko‘pchilik bilmaydi.
B.O‘.: — CZN’ning ma’nosini shunday izohlasam: vyen hozir 23 yoshdaman va universitetda oxirgi bosqich talabasiman. 15 yoshimdan beri otamning yoniga ishlash uchun borardim. Otamning Cinzano degan nomli tekstil fabrikalari bor edi. Men esa o‘sha nomning qisqartirilganini o‘zimga yozib olgandim. Hamma menga: “Otang boy-badavlat inson, sen esa bu yerda oddiy ishchi bo‘lib yuribsan” derdi. Men esa: “Bu ish o‘zimga yoqadi” derdim. “Unday bo‘lsa sen Cinzano emas, CZN san” deb hazil qilardi. Bu o‘sha paytdan qolgan juda eski nom.
Q.Sh.: — Futbolchi bo‘lmadingiz. Ammo bugun dunyoning eng taniqli, eng mashhur futbolchilari sizning yoningizga kelib, ovqatlaringizdan tanavvul qiladi. Balki futbolchi bo‘lganingizda bu qadar mashhur bo‘lolmasdingiz.
B.O‘.: — Ha, chunki hammaning o‘ziga yarasha, o‘ziga xos jihatlari bor. Ammo asl muammo nimada ekanligini bilasizmi? Insonlarga chin ma’noda o‘zini sevdira olish. Masalan, hozir futbolchi bo‘lganimda, bir talay futbolchi bor... Masalan Ronaldo. Qilgan yaxshi ishlari bilan, loyihalari bilan insonlarning sevgisini qozongan. Undanda qimmatroq, undanda yaxshiroq futbolchilar bo‘lishi mumkin, ammo unchalik sevilmasligi mumkin. Men uchun eng asosiysi ham shu. Yana ta’kidlayman, nima eksak, shuni o‘ramiz. Biz uchun eng muhimi, insonlarning bizni sevishi, bizning ham ularni sevib, hurmat qilishimiz. Allohning izni bilan, mana shunday hurmat-ehtirom bo‘lsa, muxlislar soni ortib boraveradi. Men shunday deb o‘ylayman.
Q.Sh.: — Futbolchilarning o‘yinini muhokama qilishimiz oson. Sizning ishingizni muhokama qilishsa, bu sizga qanchalik yoqadi yoki yoqmaydi?
B.O‘.: — Albatta, muhokama qilishadi. Bizning ham o‘z yo‘nalishimiz bor, o‘z usullarimiz bor, albatta. Ammo biz hech kimga qaramaymiz. U nima qilibdi, bu nima qilibdi, demaymiz. Biz faqat “Biz nima qila olamiz?” deymiz. Biz shuni xohlaymiz. Shu yo‘nalishda bugunimizga erishdik va albatta yanada yaxshiroq natijalarga erishishimizga ishonamiz.
Q.Sh.: — Raqiblaringiz haqida gapirdingiz. Shu onda dunyoda turk oshxonasi haqida gap ketganda, bir tomonda Nusret, bir tomonda Burak tilga olinadi. Albatta, Nusret yosh jihatidan ham sizdan katta, tajribasi ham sizdan ko‘p va ijtimoiy tarmoqqa birinchilardan bo‘lib chiqdi. Nusret bilan orangizda raqobat bormi?
B.O‘.: — Yo‘q. Men ularni o‘zimga raqib sifatida ko‘rmayman. Hamkasb sifatida qarayman. Albatta, u ham juda mohir, ko‘pgina odamlar uning qo‘lostida ishlaydi, non topadi. Turk taomlarini o‘z yo‘nalishida dunyoga tanityapti. U ham juda mohir. Biz boshqacharoq yo‘nalishdamiz. Bizning oshxonamiz juda keng. Xatay oshxonasi degani – aslida Usmonli oshxonasi degani. Usmonli oshxonasi deganda esa, necha asrlar avval dunyoning to‘rtdan uchini qamrab olgan oshxona ko‘z oldimizga keladi. Usmoniylar katta edi bilasiz. Ular bizning tariximizdir. Shuning uchun bizning oshxonamiz farqli. Men uni o‘zimga raqib sifatida ko‘rmayman. U ham juda kuchli oshpaz.
Q.Sh.: — Nusretning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlarini ko‘rib nimadir o‘rganasizmi?
B.O‘.: — Men uning ishlarini kuzatmayman. Kuzatmayman ammo, eshitaman, qayerdadir ko‘raman... Ishbilarmon sifatida uni mohir, omadli deb bilaman. U ham bir qancha insonni ishlatadi, men ham shunday. Bugun mening yonimda 1200 kishi ishlaydi. Ammo bir-birimizning ishimizga aralashmaymiz.
Q.Sh.: — Yutuqlaringizda dadangizning hissasi juda katta. Bu haqida juda ko‘p gapirgansiz. Onangizning-chi?
B.O‘.: — Onamning ham hissalari bor, albatta. Sizga shunday tushuntiray: bizda ayollarning ish hayoti unchalik faol bo‘lmaganligi uchun, onam menga ko‘proq uyda yordam beradilar. Qanday yordam beradilar? Masalan, har kuni uyga borgach, “Ona, shu-shu ovqatlarda kamchiligimiz bor, shularga yordam bering” deyman. Yordam beradilar. Ammo biznes borasida otam yordam berdilar. Onam – boshimning toji. Men onamni qizg‘onaman, shuning uchun u inson haqida ko‘p gapirmayman.
Q.Sh.: — Bugun dunyoning boshqa joylaridagi oshpazlarni kuzatib borasizmi? Kimlar bilan munosabat o‘rnatgansiz?
B.O‘.: — To‘g‘risini aytsam, men hech kimni tanimayman. Men hayotim davomida falonchi shu ovqatini qanday tayyorlabdi, men shunday ovqat qilay demadim. Men uchun har bir ishning o‘z tartibi bor. Biror-bir ovqatga qaraysiz, qarasangiz shundoq ham uning qanday tayyorlangani ma’lum bo‘ladi. To Usmonli davrlaridan beri o‘sha taomning qanday tayyorlanishi ma’lum. Men bunga o‘zgacha bo‘lishi uchun nima qo‘shishim mumkin? Men uchun muhimi shu. Avval men tayyorlayman, ommaga yoyiladi, keyin boshqalar tayyorlab ko‘rishadi.
Q.Sh.: — Har bir taom insonning hissiyotlarini belgilaydi. Siz odamlarga taomlar tortiq etayotganingizda, ularga ulashayotganingizda o‘zingizdan qanday his kechadi-yu, ularning ko‘zida nimani ko‘rasiz?
B.O‘.: — Tekstil sohasidan tushuntirsam. Kiyim matosining 2 dollarligi ham bor, 10 dollarligi ham, 5 dollariligi ham bor... Ammo u quyoshda biroz tursa rangi ocharib ketadi. Keyin siz uni tikasiz, rangi och bo‘lsa ham hech narsa qilmaydi deysiz. Taom ham huddi shunday. Mehr bilan pishirsangiz, yaxshi natijalarga erishasiz. Taomlarimizni sevib tayyorlaymiz. Ammo, hammasidan oldin taomlarimizni hurmat qilamiz, avvalambor sifatiga ahamiyat beramiz. Hech kim men oddiy narsalardan ham yaxshi taom tayyorlay olaman, men birinchiman deyolmaydi. Agar har safar men bundan ham yaxshiroq ishlar qilishim kerak, ko‘prog‘ini bajarishim kerak desakgina birinchi bo‘lamiz. Insonlar seni tan olishlari kerak, sen haqingda o‘zing emas, ular gapirishlari kerak.
Q.Sh.: — Bugun dunyoning eng taniqli odamlari, hatto, mashhur siyosatchilari ham sizning restoraningizda mehmon bo‘lishmoqda. Siyosatchilarning mehrini qozonish haqida gaplashsak. Siyosat bilan ovqatning bog‘liqligi nimada?
B.O‘.: — Albatta, bu yerga siyosatchilar ham keladi, oddiy ishchilar ham keladi. Qo‘shiqchilar ham keladi, boshqa restoranda ishlaydiganlar ham keladi. Bu yerga hamma keladi. Eshigimiz hammaga ochiq. Siyosaga kelsak, albatta, Prezidentimiz bizni juda yaxshi ko‘radilar va ko‘p tashrif buyuradilar. Biz ham ularni yaxshi ko‘ramiz. Bir-birimizga bo‘lgan mehrimiz sabab bunga. Har bir taomning taqdim qilinishi har xil. Buyurtmaga ko‘ra taqdim qilamiz. Bu yerga kelgan mijozlarga ko‘proq yoqishi, xursand bo‘lishlari uchun shunday qilamiz. Avval oshqozon, keyin ko‘zi to‘yishi kerak insonning.
Q.Sh.: — Ko‘pchilik mashhurlarda bo‘ladigan yulduzlik kasali sizda bormi?
B.O‘.: — Men o‘zim uchun yulduzman. Bunday kasallikka chalingan inson doim fartuk taqib yurmaydi. Soat 10:00 da ishga kelmaydi, har kuni soqolini olmaydi. Insonlar orasida ko‘zoynak taqib yuradi. Men birinchi kun qanday bo‘lsam, hozir ham xuddi shundayman. Hamma uchun bir xilman. Men bugun sizga 00:00 da keling dedim, to‘g‘rimi? Nega bunday dedim?
Q.Sh.: — Nimaga?
B.O‘.: — Chunki avval mijozlar, xo‘randalar bilan band bo‘laman. Kimdir men uchun bu yerga keldimi, men uni albatta, hurmat qilaman. Meni ko‘rish uchun kelgan insonni, men ham yaxshi kutib olishim kerakligini yaxshi bilaman. O‘zbekistonlik do‘stlarim, siz soat 20:00 da ofisimga keling, o‘sha yerda o‘tirib, reportaj qilaylik, deyishim ham mumkin edi. Ammo mening ofisim yo‘q, mening haydovchim yo‘q. Mening 1 dona mashinam bor, ko‘pincha uni ham haydamayman. Metroda borib, kelaman. Uydan erta chiqaman va ko‘chalar juda tirband bo‘ladi. Vaqt – eng qadrli mulkdir. Nimaga bilasizmi? Chunki qanchalik boy bo‘lsangiz ham vaqtni sotib ololmaysiz. Qanchalik boy bo‘lsangiz ham sevgini sotib ololmaysiz. Men aynan shularni qo‘lga kiritishga harakat qilyapman.
Q.Sh.: — Oilalimisiz?
B.O‘.: — Yo‘q, men turmush qurmaganman.
Q.Sh.: — Sevganingiz bormi?
B.O‘.: — Afsuski yo‘q.
Q.Sh.: — Nega afsuski?
B.O‘.: — Aslida bor edi. Men ishini juda yaxshi ko‘radigan odamman. Shuning uchun men bilan aloqasini uzdi. Nima ham qilardim, hayot ekan. Ishoning, agar inson sevsa, tashlab ketmaydi. Sevgan inson, ajrashmaydi. Sevgan inson, joyi kelganda hammasiga ko‘z yumadi. Ko‘zini yumadi, ammo qo‘lingdan tutadi. Sevmagan inson, darrov bahona qidiradi. Sen undaysan, bundaysan, juda mashhursan, meni juda yaxshi boqasan, ammo uyga kech kelasan, menga telefon qilmaysan deydi. Bu so‘zlar sevmaydigan insonning so‘zlaridir. Sevgan inson tushunaman, ishdasan, muhim emas, bu bizning kelajagimiz, deydi. Shu sababdan ayrildik.
Q.Sh.: — Qancha davom etdi, uzoqmi, qisqami?
B.O‘.: — Olti oy davom etdi. Turmush qurmaganman, sevgan qizim edi. O‘tdi ketdi, Alloh hammaga yaxshisini nasib qilsin.
Q.Sh.: — Dunyoda shunaqa jarayon kechyaptiki, yosh avlod juda tez mashhur bo‘lishga intilyapti, juda tez brendlarni kiyishga, ularni qo‘llashga qiziqyapti. Biznesmen bo‘lishni, boy bo‘lishni xohlaydi. Siz o‘zingiz bosib o‘tgan yo‘ldan kelib chiqib, yoshlarga qanday maslahat berasiz?
B.O‘.: — Ishlash – haqiqatan ham insonni baxtli qiladigan sabab. Bilasizmi nega? Chin dildan ishlasa, yaxshi muhit yarata oladi. Ro‘zg‘orini yaxshi yurita oladi. Allohga shukrki, qo‘lim hamma narsani ushlay oladi. Sog‘lommiz, oyoq-qo‘limiz ishlayapti. Ammo bahona qidirishadi. “Men hali yoshman” deyishadi. Yo‘q, hamma narsaning o‘z vaqti bor. Sayr qilishning ham, o‘qishning ham, ishning ham o‘z vaqti-soati bor. Men universitetning oxirgi kursida o‘qiyman. O‘qishimning hayotimda alohida o‘rni bor, ishga kelaman, uning o‘rni boshqa, oilamning ham o‘z o‘rni bor. Hammasini alohida-alohida o‘rni bor.
Inson yoshligida kelajagini ko‘rolmaydi. Menga hali bor deydi. Daraxt – yoshligida egiladi. Hamma narsaning o‘z vaqti bor. Shu sababdan, yoshlar kerak bo‘lsa kirib biror joyda ishlang, kerak bo‘lsa o‘z ishingizni oching. Rizqni berguvchi – Xudodir. Alloh mehnat qilganni yaxshi ko‘radi. Men ishonamanki, sizlar o‘z ishingizni topa olasiz. Bu yil bo‘lmasa, keyingi yil. Keyingi yil bo‘lmasa, undan keyin. Men 2017-2018 yillaridan beri shundayman. 2017 yildan oldin men ham Usmonbeyda oddiy ishchi edim. Otamning sharoiti yaxshi edi. Mening bitta aravam bor edi. Fabrikadan futbolkalarni olib, oldiga rasm bostirish uchun tashib yurardim. 2017 yilgacha. Qarang hali ko‘p bo‘lmadi. Birdan hayotim o‘zgardi. Bir eshik ochiladi. Ammo u eshik ishlasanggina ochiladi. G‘ayrat-shijoat bilan ishlaysan, o‘zingni bag‘ishlaysan. Hozir o‘zimga telefon olsam, yerga tushib ketsa achinaman. Ammo otam olib berganlarida, “Tushib ketdi, nima ham qilardim?” derdim. O‘z peshona tering bilan ishlab olgan mana shu noning ham huddi yoqimli tortdek tuyuladi. Men buni bilganim uchun aytyapman.
Q.Sh.: —O‘zbekistonda restoran ochish rejangiz bormi?
B.O‘.: — O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman. Hozir o‘ylayapman. Hamma “Burak restoran och” deyapti. Muhimi restoran ochish emas, uni boshqarish, ijtimoiy tarmoqdan ko‘rib “Bu juda yaxshi bola, mazali ovqatlar tayyorlaydi” deb, bu yerga kelib buning tasdig‘ini ko‘rishi kerak. “Bu hammasi shou ekan, ko‘ringanidek emas ekan” deyishsa, men xafa bo‘laman. Boshqa joylarda ochsam, moddiy jihatdan pulim ko‘payadi, ammo xo‘randalarni yo‘qotaman. Mana shu muvozanatni tenglashtirishga o‘zimni tayyor his qilsam, ana o‘shanda butun dunyoda restoranlarimni ochaman.
LiveBarchasi