Turkiyada 500 nafar konchi norozilik sifatida o‘zlarini konga qamab qo‘ydi
Olam
−
14:03
1658Joriy yilning 20 noyabr kuni Turkiyada 500 ga yaqin konchi yer ostiga tushib, Chayirxon issiqlik elektr stansiyasi (IES)ning konchilik uchastkalari xususiylashtirilishiga qarshi namoyish sifatida yer ostiga o‘zlarini qamab qo‘ydi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Anqara viloyatining Nallixon tumanida Chayirxon IES va Chayirxon qo‘ng‘ir ko‘mir korxonasi faoliyatida qo‘llanilayotgan ko‘chma va ko‘chmas mulkni xususiy sektorga berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Bu qarorga qarshi chiqqan 500 turkiyalik konchi yer ostiga qamalgan. Ularga ko‘ra, IESni xususiy kompaniyalarga topshirish mehnat sharoitlarining yomonlashishi, ish o‘rinlarining qisqarishi va ijtimoiy kafolatlarning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Ular masalani qayta ko‘rib chiqish va korxonani davlat mulki sifatida saqlab qolishni talab qilmoqda.
“Biz og‘ir sharoitlarda ishlaymiz, xususiylashtirish nafaqat ish o‘rinlarimizni, balki umuman konlardagi xavfsizlikni ham xavf ostiga qo‘yadi”, dedi namoyish ishtirokchilaridan biri.
Konchilarning harakatlari mahalliy kasaba uyushmalari e’tiborini tortgan va ularning talablarini qo‘llab-quvvatlagan. Kasaba uyushmalari vakillariga ko‘ra, bu vaziyat mamlakatning konchilik sohasidagi umumiy muammosini aks ettiradi. Chunki xususiylashtirish aksar hollarda mehnat sharoitlari hisobiga xarajatlarni qisqartirish bilan kuzatiladi.
Hukumat hozircha vaziyatga izoh berishdan bosh tortgan, ammo namoyishchilarni muloqotga chaqirmoqda. Shu bilan birga, konchilar talablari bajarilmaguncha namoyishni to‘xtatish niyatida emasligini bildirmoqda.
LiveBarchasi