Bosh konsulxona Turkiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
22 noyabr
6652Turkiyaga tamaki mahsulotlari olib kiradigan o‘zbekistonliklar ogohlikka chaqirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi vaqtlarda belgilangan miqdorlardan ortiq tamaki mahsulotlarini Turkiyaga olib kirishga uringan fuqarolarga nisbatan “kontrabanda” aybi qo‘yish holatlari ortib bormoqda. Bunday holatlar fuqarolar uchun jiddiy huquqiy oqibatlarga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, hozirgi kunda Turkiya jazoni ijro etish muassasalarida 20 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi belgilangan miqdordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirgani sababli qamoqda saqlanmoqda.
Shu sababli Bosh konsulxona Turkiyaga safar qilishni rejalashtirayotganlarga muhim ma’lumotlarni eslatdi:
Tamaki mahsulotlari uchun cheklovlar: 18 yoshdan katta yo‘lovchilar shaxsiy foydalanish uchun quyidagi miqdorda tamaki mahsulotlarini olib kirishlari mumkin:
- 600 dona sigareta (30 pachka yoki 3 blok);
- 50 dona sigara.
Elektron sigaretalar uchun cheklovlar: Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, har bir yo‘lovchi shaxsiy foydalanish uchun quyidagi miqdorda elektron sigaretalarni olib kirishi mumkin:
- 10 dona bir martalik elektron sigareta;
- 1 dona ko‘p martalik elektron sigareta qurilmasi;
- 200 dona almashtiriladigan stiker yoki 30 ml suyuqlik.
Tijorat maqsadlarida tamaki mahsulotlarini olib kirish man etiladi.
“Tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirganligi sababli Turkiya sud idoralari tomonidan belgilangan jarimalarni to‘langandan so‘ng sizga nisbatan qo‘llangan jarima yechilganligini qayta tekshiring va ishonch hosil qiling. Jarimani to‘lagan, ammo turk idoralari qaydlarida jarima yechilmaganligi yurtdoshlarimizni chegarada qo‘lga olinishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi ogohlantirishda.
Bosh konsulxona, shuningdek, safardan oldin Turkiyaning bojxona qoidalari bilan tanishib chiqishni, belgilangan me’yorlardan ortiqcha mahsulotlarni olib kirishga urinmaslikni tavsiya etdi.
LiveBarchasi