Choralar yumshatildi: Turkiyada to‘ylar o‘tkazishga ruxsat berildi

Olam

image

Turkiyada kecha, 31 may kuni koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan ba’zi cheklovlar yumshatildi. Bu haqda “Anadolu” xabar bermoqda. 

Mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada komendantlik soati iyun oyining ish kunlari va shanba kunlari soat 22:00 dan 5:00 gacha o‘rnatilishini ma’lum qildi. Yakshanba kunlari esa to‘liq lokdaun amalda bo‘ladi.

Restoran va kafelarda soat 7:00 dan 21:00 gacha xizmat ko‘rsatiladi, yetkazib berish esa yarim tungacha davom etadi. Shuningdek, qoidalarga amal qilgan holda yopiq va ochiq joylarda to‘y marosimlari o‘tkazishga ruxsat beriladi. 

Erdo‘g‘anga ko‘ra, davlat idoralaridagi moslashuvchan ish soatlari yangi farmon chiqqunga qadar amalda bo‘ladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, cheklovlar virus bilan bog‘liq holatlar va o‘lim soniga, shuningdek emlash jarayoniga qarab olib tashlanishi mumkin. 

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, iyun oyida Turkiyaga buyurtma qilingan turli xil vaksinalarni, masalan, BioNTech, Sinovac va Sputnik V’ni yetkazib berishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

“Umid qilamizki, shu yil oxirigacha o‘z vaksinamizga ega bo‘lamiz”, degan davlat rahbari. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada shu paytgacha 5,24 milliondan ortiq kishida koronavirus aniqlangan. 47 527 nafar bemor vafot etgan. 5,1 milliondan ortiq odam kasallikdan sog‘aygan. 

Yanvar oyining o‘rtalarida ommaviy emlash kampaniyasi boshlanganidan beri Turkiyada 29,06 milliondan ortiq kishi emlangan. 16,58 milliondan ortiq kishi birinchi vaksinani olgan va 12,47 milliondan ortiq kishi to‘liq emlangan. 

Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda COVID-19 bilan bog‘liq og‘ir vaziyat tufayli 29 apreldan 17 maygacha to‘liq lokdaun e’lon qilingandi. Bu davrda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha ish joylari o‘z faoliyatini to‘xtatgandi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda an’anaviy ta’lim to‘xtatilgandi. Barcha imtihonlar muddati uzaytirilgandi. 

17 maydan boshlab Turkiya karantin cheklovlarini yumshatishni boshlagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya koronavirus choralar

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing