Chiroqchidagi holat bo‘yicha IIV mulozimi Kusherboyevga javob qaytardi
Jamiyat
−
31 yanvar 2020
16604Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida o‘g‘rilikda gumon qilinib qo‘lga olingan fuqaro IIBga olib ketilgani va idoradan uning jasadi chiqqani haqida xabar bergan edik.
Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik orasida keng shov-shuvga sabab bo‘lgan ushbu voqea yuzasidan rasmiy ma’lumot berishga shoshmadi. Va nihoyat, kecha, 30 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati IIBda shu hodisaga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda IIV Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov “IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas, bu tabiiy holat, oldin ham bo‘lgan. Ayrimlar o‘z joniga qasd qiladi, ayrimlarning tobi qochib qoladi. Bu holat ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olinadi. Chiroqchidagi voqeadan so‘ng ham ertasi kuniyoq IIV vakillari yetib kelgan. Tekshirish boshlangan. Oldindan tekshirmasdan turib baholashga haqqimiz yo‘q. Odam aybdorligini faqat sud belgilaydi”, degan edi. Ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusharboyev IIV mulozimiga raddiya bilan chiqdi. Kusherboyevning munosabatidan keyin IIV Matbuot kotibi G‘iyosov ham o‘z munosabatini bildirdi.
“Kuni kecha Qashqadaryo viloyati IIBda Chiroqchi tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi binosida fuqaro Yu.Abdurahmonovning vafot etganligi yuzasidan brifing tashkil etildi.
Shuni aytish joizki, ilgari nafaqat ichki ishlar organlari, balki boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari o‘z faoliyati yoki jinoyat ishlari bo‘yicha jamoatchilikka hech qanday ma’lumot berishmagan. Fuqarolarimizga axborot berish amaliyoti endi shakllanmoqda. Biz matbuot kotiblari sifatida bunga e’tibor qaratyapmiz. Mazkur brifing ham oxirgi yillarda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatining yaqqol namunasidir.
Brifingda fuqarolarimizga yetkazilmoqchi bo‘lgan asosiy ma’lumot – bu ichki ishlar organlari binosida odam vafot etishi bilan bog‘liq fakt, har qanday vaziyatda favqulodda holat deb qaralishi, bunday vaziyatda zudlik bilan alohida ishchi guruh tuzilib, ish jarayonlari to‘liq o‘rganilishi va ushbu holatni kelib chiqish sabab va sharoitlari bartaraf etilishi, aybdor xodimlar va rahbarlar esa munosib jazolanishi muqarrarligi edi. Aynan Qashqadaryoda biz ushbu maqsadga erishdik, deb o‘ylayman.
Brifing boshidan yakunigacha jurnalist va fuqarolar bilan oshkora, samimiy ruhda o‘tganligi, ichki ishlar organlari o‘zining axborot xizmati vakillari orqali fuqarolarga ochiqligini namoyish qilganligi, jurnalistlar va fuqarolarning ko‘plab savollari va muammolari joyida hal etilganligiga e’tibor qaratish zarur, degan fikrdaman.
Ishonamanki, fuqarolarimizga axborot yetkazish faoliyatidagi kamchiliklarimizni bartaraf etishda jamoatchilikning sog‘lom tanqidini doim inobatga olamiz. Deputatlarimizning ham bu masalaga e’tibor berishlari hurmatga sazovor bo‘lib, o‘ylaymanki, birgalikda xalqimiz oldidagi vazifalarimizni bajarishda bir-birimizga ko‘makdosh bo‘lamiz”, deydi G‘iyosov.
Eslatib o‘tamiz, Jjoriy yilning 23 yanvar kuni soat 01:50 da Chiroqchi tumanning Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollari o‘g‘riliklarini fosh etish borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘g‘irlikda gumon qilinib Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelingan Yu.A vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMBning 2 nafar xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harkatlari olib borilmoqda.
Tergov davomida jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
LiveBarchasi