Chirchiq daryosining qirg‘og‘i o‘pirilib ketdi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 11 iyun kuni Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining Toshkent shahar Bektemir tumani hududidan o‘tgan qismi o‘pirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, soat 14:00 lar atrofida Bektemir tumani “Nurafshon” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining 41.230338:69.319910 koordinatasida joylashgan suv so‘ndirgich (vodopad) inshootining oqim bo‘ylab o‘ng nishabligidagi beton qoplamasi hamda qirg‘oq bo‘yi mintaqasida o‘pirilish sodir bo‘lgan.

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev boshchiligidagi ishchi guruh voqea joyiga yetib borgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, tegishli tashkilotlar va Toshkent shahar hokimligi mas’ullaridan iborat tezkor shtab tuzilgan.

Sodir bo‘lgan o‘pirilish holatini bartaraf etish ishlarini olib borish uchun hozirda 2 ta ekskavator, 10 ta samosval, 2 texnika hamda ishchi kuchi jalb etilib, Chirchiq daryosi qirg‘og‘ini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.

Bildirilishicha, hodisa oqibatida atrofdagi bino-inshootlar, ob’ektlar hamda aholi xonadonlariga zarar yetmagan. Ayni vaqtda ular uchun hech qanday xavf mavjud emas. Ishchi guruhlar tomonidan Bektemir tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining oqim bo‘ylab ikki yon atrofida joylashgan fuqarolarning yashash xonadonlari va tadbirkorlik sub’ektlarida profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda, ularga xavotirga o‘rin yo‘qligi tushuntirilmoqda.

Chirchiq daryosida soat 18:00 holatiga ko‘ra, suv sathi 278 m3/soniyani tashkil etmoqda. Daryo suvi kamaytirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bektemir Chirchiq qirg'oq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing