Chirchiqda dam olish kuni ishga chaqirilgan sud xodimi YTH qurboni bo‘ldimi?
3-sahifa
−
08 mart 2024
11402Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining “Tizimni boshqarish va xizmat ko‘rsatish” muhandisi Valijon Madrimov vafot etdi. Bu haqda Toshkent viloyat sudlari axborot xizmati QALAMPIR.UZ so‘roviga asosan xabar berdi.
QALAMPIR.UZ’ga Valijon Madrimov joriy yilning 3 mart (yakshanba) kuni ishga chaqirilgani va kechqurun soat 23:00-23:30 lar atrofida ishdan qaytayotganida yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida ma’lumot kelib tushdi.
Viloyat sudlari axborot xizmatining bizga ma’lum qilishicha, Madrimov 3 mart kuni 23:00-23:30 lar atrofida Chirchiq shahridagi Navoiy ko‘chasida yo‘lning piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan paytda Spark rusumli avtomashina tomonidan urib yuborilgan. U behush holatda shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan Madrimov kecha, 7 mart kuni soat 20:00da Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez tibbiy yordam markazining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Biroq Toshkent viloyat sudlari axborot xizmati marhumning dam olish kuni ishga chaqirtirilganini rad etdi. Bildirilishicha, Madrimov sudga yaqin hududda istiqomat qiladi. U o‘zining biron yumushi sabab sudga borgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, u xususiy universitetda tahsil olgani va shu kunlarda o‘qishi boshlangani sabab vaqtincha ishdan ozod qilingan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida Cobalt haydovchisi yo‘l chetida ketayotgan piyodalarni urib yuborgani va oqibatda 4 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi