Chirchiqda “avtoterrorchi” 15 sutkaga qamaldi (video)
3-sahifa
−
11:17 1851 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yo‘l bezoriligi qilib, boshqa haydovchini haqorat qilgan fuqaro 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida haydovchining boshqa fuqaroni yo‘lda siqib, avtomobilini to‘xtatgani va uni haqorat qilgani aks etgan videolar tarqalgan. Holat yuzasidan ichki ishlar xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, haydovchi va transport vositasi aniqlangan.
Surishtiruvlar davomida haydovchi bundan avval ham 13 marotaba turli ko‘rinishdagi ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgani, haydovchilik guvohnomasiz avtomobil boshqargani hamda ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘ysunmaslik holatlari mavjudligi aniqlangan.
Haydovchi holat yuzasidan bergan izohida svetoforda boshqa haydovchi bilan “siqishib qolganini”, keyinchalik uning avtomobilini siqib, to‘xtatganini aytgan. Mashina eshigi ochilmagach, boshqa haydovchining onasini haqorat qilganini tan olgan.
U birovning onasini haqorat qilishga hech kim unga huquq bermaganini aytib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-10-moddasi (Yo‘l bezoriligi) hamda haqorat qilganligi sababli 41-moddasi (Haqorat qilish) ga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilgan.
Shundan so‘ng, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida ushbu ish ko‘rib chiqilgan. Sud jarayonida haydovchi va jabrlanuvchining fikrlari tinglanib, zarur protsessual harakatlar amalga oshirilgan hamda videotasvirlar tomosha qilingan.
Sud haydovchini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (Haqorat qilish), 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) ikkinchi qismi, 183-moddasi (Mayda bezorilik) hamda 128-10-moddasi (Yo‘l bezoriligi) ikkinchi qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topgan.
Kodeksning 34-moddasi (Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish) tartibida unga uzil-kesil 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda taksi haydovchisi va yo‘lovchi o‘rtasidagi mojaro ortidan haydovchiga kuch ishlatgan bloger qamoqqa olingan edi.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust