Charter reyslar uchun chiptalar qimmatga sotilsa, kimga shikoyat qilish kerak?

Intervyu

Xabaringiz bor, joriy yilning 24 mayigacha xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun o‘ndan ortiq charter reyslar tashkil qilinishi belgilangan. Reyslar uchun chiptalarning narxi ham e’lon qilindi

QALAMPIR.UZ muxbiri xorijiy davlatlardan qaytariladigan o‘zbekistonliklar ro‘yxatini shakllantirish, chiptalar narxi  va ularni topib bo‘lmayotgani yuzasidan Transport vazirligi Matbuot xizmati rahbari Navruz Ashurmatov bilan suhbatlashdi.

Xorijdan Vatanga qaytishni istovchi o‘zbekistonliklar ro‘yxati chet davlatdagi elchixona va konsulliklar orqali tuzilishi aytilganidan keyin, O‘zbekistonning o‘zga davlatlardagi diplomatik idoralari oldida uzun navbat va tartibsizliklar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqala boshladi. Shu sababdan muxbirimiz dastlab qaytishni xohlovchilar ro‘yxatini shakllantirishda Transport vazirligining ham ishtiroki bor-yo‘qligini so‘radi.

“Mazkur jarayonda Transport vazirligi Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan charter reylarini amalga oshirishni tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Samolyot bortiga chiqadigan yo‘lovchilar ro‘yxatini shakllantirishda Transport vazirligi ishtirok etmaydi. 

Ro‘yxatlar joylardagi O‘zbekiston Respublikasi elchixona va konsulliklari tomonidan shakllantiriladi. Shu o‘rinda fuqarolar ham bir narsani to‘g‘ri tushunishi kerak, hozirda konsulliklar va elchixonalarga bo‘layotgan murojaatlar soni keskin oshib ketgan. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, qo‘ng‘iroq qilgan paytda tusha olmasligi mumkin. Shu sababdan konsulliklar ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali ham ro‘yxatdan o‘tishni tashkil etgan.

Konsulliklarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini kuzatib borib, o‘sha yerda berilgan manzillar orqali ro‘yxatdan o‘tishni tavsiya qilib qolamiz”,  dedi Ashurmatov.

– O‘zbekistonga qaytish uchun samolyot chiptalari nraxlari e’lon qilindi. Bu narxlar judayam arzon. Lekin o‘rtakashlar paydo bo‘lib, chiptani topib bo‘lmayotgani, narxlar 2-3 baravar oshib ketgani bo‘yicha ham e’tirozlar bo‘lyapti. Chiptani parvozdan biroz avval aeroportdan sotib olish aytilgandi. Shunga amal qilinyaptimi?

“To‘g‘ri, elchixona va konsulliklarda shakllantirilgan ro‘yxat asosida bortga chiqishi kerak bo‘lgan fuqarolar parvoz amalga oshirilishidan to‘rt soat oldin aviachiptalarni sotib olishi lozim bo‘ladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha chiptalar narxini e’lon qildik. Bordi-yu, mana shu chiptalarni belgilangandan ortiq narxda sotilayotgan holatlar bo‘lsa, fuqarolarimiz Uzbekistan Airways`ning Call-markazlariga murojaat qilishlari mumkin”, deya ta’kidladi vazirlik vakili.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 16 may kuni Malayziya va Singapurdan 237 nafar o‘zbekistonlik charter reys orqali olib kelindi. Ularning barchasi 14 kun muddatga karantinga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

charter reys

Baholaganlar

123

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing