Chilonzor tumani prokurori va hokimi ham hibsga olinishi kerak – Kusherboyev prokuraturaga talab qo‘ydi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonda prokuratura organi xolis, adolatli bo‘lsa, Chilonzor tumani prokurori va hokimiga ham jinoyat ishi ochib, ular ham hibsga olinishi kerak. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev shunday talab bilan chiqdi.

"Bugun Toshkent Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i daraxt kesilishi va qurilishga yo‘l qo‘ygani sababli prokuratura tomonidan hibsga olinibdi. Agar prokuratura xolis, adolatli bo‘lsa, o‘ziga nomunosib ish boshlagan Chilonzor tuman prokurori daraxt kesilishiga yo‘l qo‘ygani uchun, jumladan prokuratura (binosi – tahr.) ning to‘g‘risida daraxtlar kesib tashlanishiga befarqlik bilan qaragani, sovuqqonlik qilgani uchun u ham ekologiyani rahbari bilan birga javob berishi kerak”, deydi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Chilonzor tumani hokimi va prokuroriga ham chora ko‘rilmasa, prokuratura organi bir tomonlama ishlayotgan idoraga bo‘lib qoladi.

“Chilonzorning hokimi va prokuroriga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular ham javobgarlikka tortilishini talab qilamiz. Shunda adolatli bo‘ladi. Aks holda prokuratura kuchi yetgan odamlarni qamash bilan shug‘ullanayotgan, bir tomonlama ish ko‘rayotgan organ bo‘lib qoladi. Marhamat mard bo‘lsangiz, o‘zingizning tizimingizdagilarga ham chora ko‘rishni boshlang”, deydi Kusherboyev.

Deputatning qayd etishicha, agarda ularga chora ko‘rilmasa, prokuratura daraxt himoyachilarini sindirib, "yerfurush"larni himoya qilmoqchi, degan xulosa kelib chiqadi.

“Demak, boshlanishiga Chilonzordagi prokuror va hokimga jinoyat ishi ochilishini kutamiz”, deb yozgan deputat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 sentyabr kuni Toshkentning Chilonzor tumanida 58 tup manzarali va mevali daraxtlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq borligiga qaramay xususiy quruvchi kompaniyai tomonidan ildizi bilan kesib tashlangandi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 797 700 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan deb baholadi. Bosh prokuratura quruvchi tashkilot rahbari tabiatga yetkazilgan 797,7 mln so‘m zararni to‘liq qoplaganini ma’lum qildi.

Holat bo‘yicha quruvchi tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

10 sentyabr kuni esa Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i F.D. Jinoya kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jinoiy ishga jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

daraxt

Baholaganlar

223

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing