Chikagoda yuk poyezdi talon-toroj qilindi (video)
Olam
−
12 Oktabr
9293Kecha, 11 oktyabr kuni AQSHning Illinoys shtati Chikago shahri hududidan o‘tayotgan poyezd o‘nlab odamlar tomonidan talon-toroj qilindi. Bu haqda ABC7 xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Illinoys shtatining Janubiy Ostin hududida bir guruh odamlar yuk poyezdini talon-taroj qilgan. Olomon bir nechta qutilarni ochib, ichidagi buyumlarni o‘g‘irlab ketgan. Guvohlar ham kamida o‘nlab odam bu talonchilikda ishtirok etgani va u politsiya yetib kelgunga qadar – bir soatga yaqin davom etganini tasdiqlagan.
“Biz Sitseron ko‘chasidan o‘tayotganimizda erkaklarning yuk poyezdlarini ochayotganini ko‘rdik va men o‘zimga bu to‘g‘ri ish emas, dedim”, deydi guvohlardan biri.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilar poyezd yon temiryo‘lga almashinuvni kutayotgan paytda konteynerlarni ochishni boshlagan. Chikago politsiyasi hodisa joyiga tushdan keyin mahalliy vaqt bilan soat 16:00 ga yaqin yetib kelgan va ular qurollarini olib, voqea joyidan qochayotgan avtomobilga qarata o‘q uzgan.
Telekanalga ko‘ra, temiryo‘lga bunday o‘g‘irliklar begona emas. Ushbu poyezd yo‘nalishida so‘nggi bir necha oy ichida odamlar yuk poyezdlariga ikkinchi marta hujum qilgan. Avgust oyida shaharning g‘arbiy tomonidagi Louler va Kinzi yaqinida o‘g‘rilar yana bir yuk poyezdiga hujum qilib, ichidagi televizorlarni o‘g‘irlab ketgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Chikago politsiyasi tergovni o‘z qo‘liga olgan. Voqeaga aloqador kamida olti kishi hibsga olingan va ayrim tovarlar o‘g‘rilardan qaytarilgan. Aynan qanday buyumlar o‘g‘irlangani haqida ma’lumot berilmagan.
“Temiryo‘l o‘g‘riliklari jamoat xavfsizligiga, xodimlarimizga va mahalliy huquqni muhofaza qiluvchilarga tahdid soladi”, deydi “Union Pacific” temiryo‘l kompaniyasi vakili o‘z bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning yanvar oyida Rossiyadan Toshkentga yuborilgan 7 sisterna benzinni o‘g‘irlagan fuqarolar tergov qilinayotgani xabar qilingan edi. Ular vagonlarning tepa qismidagi lyukiga o‘rnatilgan tamg‘alarni kesib, vagon lyuklarini ochib, benzinni o‘z boshqaruvlarida bo‘lgan neft mahsulotlarini tashishga mo‘ljallangan transport vositalariga yuklagan va voqea joyidan yashiringan.
LiveBarchasi