Chiqindilarga qarshi reyd: Chorvoqdagi 2 ta poligon yopildi (video)
Jamiyat
−
16 aprel 1514 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq turistik zonasida qurilish chiqindilariga qarshi reyd davomida 2 ta noqonuniy chiqindixona yopilib, u yerdan 400 tonnadan ortiq chiqindi olib chiqildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Chorvoq erkin turistik zonasi hududida qurilishlar 2020 yilga nisbatan 10 barobarga oshgani tufayli loyiha egalarining qurilish chiqindilarini ekologik me’yorlarga rioya qilmasdan turli joylarga noqonuniy ravishda tashlab ketish holatlari oshgan. Bugungi kunda 2025 yil noyabrda tashkil etilgan Maxsus komissiya tomonidan qurilish chiqindilarining oldini olish maqsadida butun respublika bo‘ylab doimiy reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Ekologik politsiya, Tur-politsiya hamda mahalliy hokimliklar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, 10 apreldan joylarga chiqqan holda tekshiruv ishlari boshlangan. Ilk tekshiruv ishlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq turistik zonasi hududida o‘tkazilgan. Dastlabki natijalarga ko‘ra, 2020-2021 yillarda tumandagi ikki chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib yopilgani hamda bugungi kunda u yerda chiqindilar Parkent tumanidagi poligonga tashlanishi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, joriy yilning 11-13 aprel kunlari chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq jami 102 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalarini buzish bo‘yicha 19 holatda ham ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli qonuniy choralar belgilangan. 23 ta maxsus texnika yordamida ikkita noqonuniy chiqindixona bartaraf etilgan. Jami 401 tonna har xil turdagi chiqindilar maxsus chiqindi poligonlariga joylashtirish uchun olib chiqib ketilgan.
Bildirilishicha, chiqindilarni noqonuniy va tartibsiz tashlashning oldini olish maqsadida hududda 10 ta lokatsiya bo‘yicha onlayn videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Bundan tashqari, qo‘shimcha 40 ta lokatsiya bo‘yicha onlayn videokuzatuv moslamalari o‘rnatiladi.
Shu bilan birga, hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab dolzarb 10 kunlik e’lon qilingan. Ishchi guruh tomonidan qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 11 huquqbuzarlik aniqlangan va tegishli ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Xalq deputatlari kengashi maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqlagandi.
Live
Barchasi