Endi axlatdan karzi borlar “svet” uchun pul to‘lolmaydi
Jamiyat
−
11 iyul 7213 2 daqiqa
O‘zbekistonda chiqindidan qarzdor iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatini cheklash 2025 yil 1 avgustdan boshlanadi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Joriy yil 7 martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar respublika bo‘yicha qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.
So‘ngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqami orqali SMS xabarnoma yuboriladi. Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida to‘lanishi lozim. Belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.
Ushbu tartib 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. U joriy yilning 1 iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 1 avgustidan boshlab qo‘llanadi.
“Shu o‘rinda, sanitar tozalash korxonalari chiqindi to‘lovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar hisoblanadi! Agar abonentlarga sanitar tozalash xizmati o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilmasa ko‘rsatilmagan kunlardagi xizmatlar uchun to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinadi.
Hurmatli abonentlar, sizda chiqindilarni boshqarish sohasi va xizmat sifatiga doir taklif va shikoyatlar yuzaga kelganda: Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “1205” qisqa raqamiga 24/7 rejimda murojaat qilishingiz mumkin”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 may kunidan O‘zbekiston bo‘ylab ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi uchun yil davomida kompensatsiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr