Chiqindi poligoni odamlarni bosib qoldi. 30 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Gvineya poytaxti Konakri shahrida kuchli yomg‘irlar oqibatida chiqindi poligonida ko‘chki sodir bo‘lib, kamida 30 kishi halok bo‘ldi, yana 22 kishi turli darajada jarohatlangan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, fojia kecha, 23 avgust kuni taxminan soat 05:00 da Konakrining Gbessiya kommunasida sodir bo‘lgan. Tunda yog‘gan kuchli yomg‘irlar oqibatida poligonda to‘plangan ulkan chiqindi uyumi o‘pirilib, uning yaqinidagi chodir va vaqtinchalik qurilmalarni bosib qolgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chki oqibatida 6 kishi og‘ir, yana 16 kishi yengil jarohat olgan. Hodisa joyida qutqaruvchilar maxsus texnika va ekskavatorlar yordamida vayronalar orasidan tirik qolganlar va jabrlanganlarni izlagan.

Guvohlarning aytishicha, o‘pirilgan chiqindi hajmi shu qadar katta bo‘lganki, u yaqinidagi ko‘p qavatli binolar va boshqa vaqtinchalik inshootlarni ham ko‘mib yuborgan. Fojia joyida jurnalistlarga intervyu bergan Sire Diallo ismli ayol esa besh nafar farzandining barchasidan ayrilganini aytgan.

Qayd etilishicha, mazkur poligon xavfsiz emasligi haqida hukumat avvaldan xabardor bo‘lgan. Mamlakat hududiy boshqaruv vaziri Denab Ture joriy yilning 20 avgust kuni poligon faoliyati to‘xtatilishini va undagi chiqindilar Konakridan tashqari hududga ko‘chirilishini ma’lum qilgan.

Gvineyada yomg‘ir mavsumi davrida ko‘chki va kuchli sel oqimlari xavfi ortib, ayniqsa infratuzilmasi yetarlicha rivojlanmagan shaharlarda bunday hodisalar jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda.

Gvineya Bosh vaziri Amadu Uri Bah 23 avgust kuni voqea joyiga borib, yetkazilgan zararni ko‘zdan kechirgan va qutqaruv ishlarini nazorat qilgan. Hukumat aholini xotirjamlikni saqlash, birdam bo‘lish hamda qutqaruv xizmatlari va mas’ul idoralar ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning shimoli-sharqidagi Sikkim shtatida qurilayotgan tunnelda gaz portlab, uning bir qismi qulashi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing