Chet elda yashayotgan Nukus voqeasi ayblanuvchilari ustidan sud davom etmoqda 

Jamiyat

image

Nukus voqealari bo‘yicha A.Sagidullayev va N.Urazbayev ustidan ularning ishtirokisiz sud davom etmoqda. Sud ishiga ekspert-mutaxassis sifatida IIV EKBM boshlig‘i polkovnik S.Nuriddinov ham jalb qilindi. Bu haqda Oliy Sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan Jinoyat kodeksining 28, 104, 158, 159, 244 va 244-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan A.Sagidullayev va Jinoyat kodeksining 28, 104, 159, 244 va 244-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan N.Urazbayevga oid jinoyat ishi ochiq sud jarayonida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyasi S.Davletmuratov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Shu kunga qadar o‘tkazilgan sud majlislarida 40 nafardan ortiq shaxs guvoh tariqasida so‘roq qilingan. 

Shuningdek, ekspert-mutaxassis sifatida jalb qilingan IIV EKBM boshlig‘i polkovnik S.Nuriddinov sudlanuvchi A.Sagidullayev tomonidan 2022 yil 26 iyundan 2 iyulga qadar Internet tarmog‘ida joylangan videoroliklarni namoyish qilib, ulardagi videomurojaatlarni tahlil qilib bergan. Sud jarayoni esa hamon davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasi (sud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki)ga asoslanib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgani va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi sababli ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi A.Sagidullayev va N.Urazbayevning ishtirokisiz o‘tkazilmoqda.

Amanbay Sagidullayev 1967 yilda tug‘ilgan bo‘lib, hozirda Norvegiyada yashaydi. U “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” partiyasi yetakchisi. Niyetbay Urazbayev esa 1969 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati “Allayar yo‘li” qoraqalpoq etnik-madaniy birlashmasi raisi. U hozirda Qozog‘istonda yashaydi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Nukus voqeasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing