Chempionlar ligasida gol urish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi
Sport
−
23 Oktabr 2025 2400 2 daqiqa
Joriy yilning 21-22 oktyabr kunlari UEFA Chempionlar ligasining 3-turidan o‘rin olgan 18 ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu turda jamoalar jami 71 ta gol kiritdi. Bu Chempionlar ligasi tarixida bir turda kiritilgan eng ko‘p gol hisoblanadi. Bu haqda UEFA rasmiy sayti xabar berdi.
Bundan oldingi eng yaxshi natija joriy yil sentyabr oyida qayt etilgan bo‘lib, 1-turda jamoalar 18 ta uchrashuvda 67 ta gol kiritgan edi. Bu haftada bir qator uchrashuvlarda “Qayrat” – “Pafos”, “Monako” – “Tottenxem”, “Atalanta” –“Slaviya Praga” jamoalari golsiz durangga rozi bo‘lmaganida, bu turdagi natija yanada yaxshiroq bo‘lardi. Turda nemis jamoalari ishtirokidagi uchrashuvda 25 ta gol urilishi e’tiborga molik. PSJ esa bu turda 7 ta gol bilan haftaning eng samarali jamoasiga aylandi. Shuningdek, PSV va “Barselona” jamoalari o‘z uchrashuvlarida 6 ta gol urishga erishdi.
Yangi format tufayli ishtirokchi jamoalar soni 36 taga yetgani sabab ko‘proq uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu esa gollar sonining oshishiga ham ta’sir qilmoqda. Bahsli bo‘lishiga qaramay, yangi tizim futbol muxlislariga tom ma’noda gollarga boy musobaqa taqdim etmoqda.
Chempionlar ligasi o‘tgan mavsumdan boshlab yangi – liga tizimi formatida o‘tkazila boshlagan edi. UEFA bu o‘zgarish tomoshabinlar uchun yanada ko‘proq hayajon va gollar olib kelishini va’da qilgan, 3-tur uchrashuvlari esa buning yaqqol isboti bo‘ldi. Ushbu turda har bir o‘yinda o‘rtacha 3,9 tadan gol urildi.
Ma’lumot uchun, Chempionlar ligasida yakuniga yetgan 3-tur uchrashuvlaridan so‘ng PSJ jamoasi umumiy jadvalda 1-o‘rinni egallab turibdi. Germaniyaning “Bavariya” jamoasi 2-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, Italiyaning “Inter” jamoasi 3-pog‘onani band etgan. Navbatdagi tur uchrashuvlari joriy yilning 4 noyabr kuni boshlanadi.
Live
Barchasi