Chempionlar ligasida 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi
Sport
−
22 Oktabr 1512 3 daqiqa
Kecha, 21 oktyabr kuni UEFA Chempionlar ligasining 3-tur uchrashuvlari boshlandi. Turni “Barselona” va “Olimpiakos” uchrashuvi boshlab berdi. Kataloniyada kechgan uchrashuvda mezbonlar raqibni ayab o‘tirmadi va yirik 6:1 hisobida zafar quchdi. Turning markaziy uchrashuvi Londonda bo‘lib o‘tdi. “Arsenal” va “Atletiko Madrid” uchrashuvida maydon egalari madridliklarga javobsiz 4 ta gol urdi. Musobaqaning amaldagi chempioni PSJ Germaniyada “Leverkuzen” mehmoni bo‘ldi va 7:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Turdagi barcha uchrashuvlar tafsilotlari bilan tanishing:
“Barselona” 6:1 “Olimpiakos”
2-turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng bu turda “Barselona” o‘z maydonida “Olimpiakos”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. Fermin Lopes, Lamin Yamal va Markus Rashfordning gollari jamoaga g‘alaba keltirdi. Kataloniyaliklar Madriddagi uchrashuv oldidan o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirib oldi.
“Qayrat” 0:0 “Pafos”
Turdagi yagona gol urilmagan uchrashuv Qozog‘istonda bo‘lib o‘tdi. “Qayrat” jamoasi ochko ishlab olish uchun yaxshi imkoniyat bor edi, ammo uchrashuvda har ikkala klub ham gol urishni imkonini topolmadi. Shunga qaramay “Qayrat” turnirdagi birinchi ochkosini “Pafos” bilan kechgan bahsda qo‘lga kiritdi.
“Arsenal” 4:0 “Atletiko Madrid”
Londonda kechgan markaziy uchrashuvda “Arsenal” jamoasi “Atletiko Madrid”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. Gabriel Magalyayns, Gabriel Martinelli va Viktor Gyokereshning gollari “to‘pchilar”ga g‘alaba keltirdi.
“Leverkuzen” 2:7 “Pari Sen-Jermen”
Ushbu o‘yinga tashrif buyirgan muxlislar 9 ta gol guvohi bo‘ldi, biroq bu gollarning 7 tasi maydon egalarining darvozasiga kiritildi. “Pari Sen-Jermen” musobaqadagi to‘plar farqini ancha yaxshilab oldi. Jarohatdan endigina qaytgan Usmon Dembele ham uchrashuvda o‘z hisobiga bitta gol yozib qo‘ydi.
“Kopengagen” 2:4 “Borussiya Dortmund”
Bu uchrashuv ham gollarga boy bo‘ldi. “Borussiya Dortmund” mehmonda “Kopengagen” darvozasiga 4 ta gol urishga erishdi. Mezbonlar bu gollarga 2 bor javob bera oldi.
“Nyukasl Yunayted” 3:0 “Benfika”
“Nyukasl Yunayted” o‘z maydonida “Benfika”ni mag‘lub etdi. Xarvi Barns va Gordonning gollari jamoasiga g‘alaba keltirdi. Joze Mourinyu jamoasi Chempionlar ligasidagi navbatdagi alamli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.
PSV 6:2 “Napoli”
PSV o‘z maydonida “Napoli”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. Antonio Konte shogirdlarining chempionlar ligasida ishlari yurishayotgani yo‘q.
“Yunion” 0:4 “Inter”
“Inter” mehmonda “Yunion”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. Milanliklar 3 turdan buyon o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolmoqda va musobaqaning eng yaxshi jamoalaridan biri bo‘lib turibdi.
“Vilyarreal” 0:2 “Manchester Siti”
“Manchester Siti” Ispaniyada “Vilyarreal”ni mag‘lub etdi. Erling Holand va Bernardu Silvaning gollari “shaharliklar”ga g‘alaba keltirdi. Bu uchrashuvni Abduqodir Husanov jarohati sabab o‘tkazib yubordi.
Bugun, 22 oktyabr kuni tunda ham bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan:
- “Atletik Bilbao” – “Qarabag‘”;
- “Galatasaray” – “Bodo/Glimt”;
- “Monako” – “Tottenxem Xotspur”;
- “Atalanta” – “Slaviya Praga”;
- “Chelsi” – “Ayaks”;
- “Ayntraxt Frankfurt” – “Liverpul”;
- “Bavariya Myunxen” – “Bryugge”;
- “Real Madrid” – “Yuventus”;
- “Sporting” – “Marsel”.
Live
Barchasi