Chempionlar ligasi avvalgidek emas – Gvardiola
Sport
−
16:40 988 2 daqiqa
“Manchester Siti” bosh murabbiysi Xosep Gvardiola Chempionlar ligasining yangi formati avvalgisidan ancha murakkab ekanligini aytdi. Bu haqda ispaniyalik mutaxassis “Galatasaroy” bilan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida gapirdi.
Chempionlar ligasining so‘nggi turda “shaharliklar” o‘z maydonida “Galatasaroy”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi va umumiy bosqichni sakkizinchi o‘rinda yakunlab, to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“Bu barcha jamoalar uchun haqiqiy sinov bo‘ldi. “Budyo-Glimt”ga qarang: bir yarim hafta oldin nima bo‘ldi va bugun “Atletiko Madrid”ga qarshi qanday o‘ynadi? Chempionlar ligasi bir necha yil avvalgidek emas. Bu yerda juda, juda qiyin”, deydi Gvardiola.
Shuningdek, murabbiy “Galatasaroy” bilan o‘yin tafsilotlariga ham to‘xtalib o‘tgan.
“Birinchi bo‘limni ikkinchi bo‘limga qaraganda yaxshiroq o‘tkazdik. Tanaffusdan keyin ko‘plab imkoniyatlarni boy berdik, bu holat mavsum davomida bizda tez-tez takrorlanmoqda. Chorak finalda javob uchrashuvini uyda o‘tkazamiz va bundan juda xursandman. Hozircha kuchli sakkizlikdamiz”, deydi Pep.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti”ning nimchorak finaldagi raqibi joriy yilning 27 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan qur’a tashlash marosimidan so‘ng aniqlanadi. Ushbu bosqichning ilk o‘yinlari 10-11 mart, javob uchrashuvlari esa 17-18 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.