“Chelsi” yoki “Manchester Siti”. YeCHL finalida qaysi jamoa ustunlikka ega?

Sport

image

Yevropaning eng nufuzli musobaqasi hisoblangan Yevropa Chempionlar ligasining 2020-2021 yilgi mavsum final o‘yini belgilangan kunga ham oz fursat qolmoqda. Angliyaning ikki kuchli jamoasi “Chelsi” va “Manchester Siti” final o‘yinida o‘zaro hisob-kitob qilishadi. Bu uchrashuvda qaysi jamoaning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda, Qisqa vaqtda “Chelsi”ni o‘zgartira olgan Tomas Tuxel bu gal ham “Manchester Siti” ustozi Xosep Gvardiolani dog‘da qoldira oladimi? Keling, yaqin 5 daqiqa futbol ishqibozlari intizorlik bilan kutayotgan final o‘yini haqida so‘z yuritamiz.

Finalni kim boshqaradi?

Avvalo, final bahsini boshqaradigan hakamlar bilan tanishib chiqsak. Yevropa Chempionlar ligasi 2020-2021 mavsumining final o‘yniga ispaniyalik hakamlar jamoasi tayinlangan.

Final bahsi taniqli va tajribali Antonio Mateo Laosga ishonib topshirilgan. Unga Pau Sebrian Devis hamda Roberto del Palomar yordam berishadi. To‘rtinchi hakam sifatida Karlos del Serro Grande tanlangan. VAR uchun mas’ul — Alexandro Xose Ernandes.

Nima uchun birinchi navbatda hakamlarga to‘xtalyapmiz? Chunki, ko‘pgina hal qiluvchi o‘yinlarda hakamlar o‘zlarining “g‘alati qarorlari” bilan “qahramonga” aylanib qolishadi. Lekin ispaniyalik hakam Mateo Laos ushbu mavsum Chempionlar ligasi hamda Yevropa Ligasi doirasida 6 ta uchrashuvga hakamlik qilgan va 41 ta sariq kartochka ko‘rsatib, quvonarlisi qizil kartochkani cho‘ntagidan chiqarmagan. Laos qattiq qo‘l hakamlar toifasidan emas, o‘yinni yaxshi nazorat qiladi. Laos final uchrashuvi uchun munosib hakam. Agarda shubhalansangiz Chempionlar ligasi chorak finalidagi “Bavariya” va PSJ jamoalari o‘rtasidagi dastlabki uchrashuvni eslash kifoya.

“Manchester Siti”

Pep Gvardiola “Manchester Siti”dagi faoliyatining beshinchi yilida jamoani Chempionlar ligasi finaliga olib chiqdi va klub tarixiga kirdi. Final o‘yinida “Manchester Siti” qanday ustunlikka ega?

“Manchester Siti” jamoasi Chempionlar ligasining ushbu mavsumida hali biror marotaba mag‘lub bo‘lmadi. 12 ta o‘yinda 11 ta g‘alaba va bitta durrang qayd etildi.

Pep Gvardiolaning shaxsiy natijasiga e’tibor qaratsak, u murabbiy sifatida 12 marotaba finalga chiqib, faqatgina bir marotaba mag‘lub bo‘lgan.

Albatta, statistik ma’lumotlar, final o‘yini oldidan “Manchester Siti”ga ustunlik taqdim etadi. Lekin shuni unutmaslik kerak: “Finalda favorit bo‘lmaydi!”

“Chelsi”

“Chelsi” jamoasining finalgacha yetib kelishiga ko‘pchilik ishonmagandi. Chunki “Chelsi” Frenk Lempard boshchiligida mavsum startini yaxshi boshlagan edi. Biroq yil oxiriga kelib jamoa ketma-ket mag‘lubiyatga uchradi. Klub natijalaridan ko‘ngli to‘lmagan milliarder Roman Abramovich Frenk Lempardni iste’foga chiqarib, jamoaga Tomas Tuxelni olib keldi. Tuxel “Chelsi” bosh murabbiyi bo‘lganidan so‘ng, jamoa o‘yin uslubini anchayin takomillashtirdi, himoyadagi kamchiliklarni bartaraf etdi. Bu mavsumda “Chelsi” jamoasi Angliya chempionatida “Manchester Siti”dan so‘ng, eng kam gol o‘tkazgan jamoa bo‘ldi. Hatto “Chelsi” Tuxel qo‘l ostida Gvardiolaning “Siti”sini ikki marotaba mag‘lubiyatga uchratdi. Bu natijalar “Chelsi”ga biroz bo‘lsa-da ustunlik berishi mumkin. Lekin yuqorida ta’kidlaganimzdek, “Finalda favorit bo‘lmaydi!”

“Afsungar Merlin” (Tuxel) va Megamiya (Gvardiola)

Sarlavha, albatta, hazil. Chempionlar ligasi finali faqatgina “Chelsi” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi uchrashuv emas, balki ikki eng zo‘r grossmeyster (murabbiylar) o‘rtasidagi duel hamdir. Nega grossmeyster atamasini Tuxel va Gvardiolaga nisbatan ishlatyapmiz, chunki bu ikkisi ham “taktik murabbiy”lar toifasiga kiradi. Raqibni sinchikovlik bilan o‘rganishadi, taktikani mayda detallarigacha e’tibor berib, o‘yin olib borishadi. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har ikki jamoa ham o‘zlarining yorqin o‘yinlari evaziga finalgacha yetib kelishdi. Umid qilamizki, finalda ham shunday yorqin o‘yin guvohiga aylanamiz.

Eslatib o‘tamiz Yevropa Chempionlar ligasi final uchrashuvi joriy yilning 29 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.

Sardor Ali Nurmatov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Manchester Siti EChL “Chelsi

Baholaganlar

163

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing