Chekka tumanlarda elektr narxi 30-40 foizga tushirilishi taklif qilindi
Jamiyat
−
19 fevral 2020
5132Chekka tumanlarda gaz yo‘qligi sababli elektr yenergiya tarifini 30-40 foizga kamaytirish taklif qilindi. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida shu mazmundagi petitsiya e’lon qilindi.
Murojaatda tumanlarda va qishloqlarda aholi xonadonlarida tabiiy gaz yo‘qligi sababli elektr energiya tarifini qish mavsumida 30-40 foizga qisqartirish taklifi berilgan.
“Bir xonadonda kamida 2 ta oila yashaydi, bu degani 2 uyni qishda isitishni anglatadi. Agarda bitta xonadonga bitta elektr isitgich bo‘lsa, u oyida kamida 1400 kv ishlaydi masalan, bu degani bitta elektr pechka uchun 400 ming so‘mdan ziyod to‘lov to‘lashni talab etadi, bunday holat juda ham ko‘p uchraydi. Tumandagi oilalar daromadiga olib qaraganda, bu juda qimmatga tushmoqda”, deyiladi murojaatda.
Ta’kidlanishicha, qish mavsumida tumanlar va qishloqlarda elektr energiyasi tarifi 30-40 foizga kamaytirilsa, aholi uylarini isitish bilan bog‘liq muammolarga kamroq duch kelardi.
Shuningdek, boshqa davlatlarda kunduzgi va kechki tariflar mavjudligi va ayrim davlatlarda tuman va qishloqlarda shahar markazidan arzonroq tariflar ham borligi qo‘shimcha qilingan.