Chexiya sobiq bosh vaziri mitingda boshidan tayoq yedi

Olam

image

Kecha, 1 sentyabr kuni Chexiya muxolifati yetakchisi va mamlakatning sobiq bosh vaziri Andrey Babishning boshiga  saylovoldi mitingi chog‘ida metall qo‘ltiqtayoq bilan zarba berildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Babish hodisadan so‘ng tekshirish uchun shifoxonaga olib ketilgan va allaqachon uyiga javob berilgan. Shuningdek, xuddi shu sabab bilan shaxsi aniqlanmagan bir ayol ham shifoxonaga yotqizilgani qayd etilgan.

“Hujumchi politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Hujumning sabablari noma’lumligicha qolmoqda. Babishga qilingan hujum keng qoralashga sabab bo‘ldi, uning partiyasi esa hukumatni nafrat qo‘zg‘atishda aybladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hodisa poytaxt Pragadan 376 km uzoqlikda joylashgan Dobra shahridagi mitingda sodir bo‘lgan. Unda Babish bilan birga bo‘lgan yana bir deputat Alesh Yuxelka partiya yetakchisi boshiga bir necha zarba olganini ma’lum qilgan. Uni mashinada shifoxonaga olib borishgan. U yerda shifokorlar kompyuter tomografiyasi o‘tkazib, keyin uyiga javob bergan.

“Gumonlanuvchi mitingda bo‘lgan politsiya xodimlari tomonidan “hujumdan keyin darhol” hibsga olingan. Ish “jamoat tartibini buzish” sifatida tergov qilinmoqda, zarurat tug‘ilganda tergov kengaytirilishi mumkin”, deya bayonot bergan politsiya.

Ma’lumot uchun, Babish 2017 yildan 2021 yilgacha Chexiya bosh vaziri lavozimida ishlagan. Uning o‘rinbosari Alena Shillerova hujum sababini “hokimiyatdagi partiyalar tarqatayotgan nafrat” bilan izohlagan.

“Bu ularning qo‘rquv va kelishmovchilikka asoslangan kampaniyasining oqibatidir”, deydi u.

Amaldagi Bosh vazir Petr Fiala Babishga tezroq sog‘ayib ketishini tilagan va o‘z partiyasining saylovoldi mitingida “siyosatda zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q”ligini ta’kidlagan. Qayd etish joiz, Chexiyada 3-4 oktyabr kunlari umumiy saylovlar bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Chexiya miting Andrey Babish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing