Chexiya “marixuana”ni qonuniylashtirdi

Olam

image

Chexiya Prezidenti Pyotr Pavel “marixuana”ni qisman dekriminallashtirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu haqda MSN xabar berdi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, endi fuqarolarga uy sharoitida uchtagacha nasha o‘simligi yetishtirish va 100 grammdan ortiq bo‘lmagan moddani saqlashga ruxsat berildi. Uydan tashqarida 25 grammgacha bo‘lishi joizdir.

100 dan 200 grammgacha “marixuana” saqlash yoki to‘rtdan beshtagacha o‘simlik yetishtirish uchun ma’muriy jazo qo‘llaniladi. Kattaroq miqdorlar hali ham jinoiy huquqbuzarlik sifatida tasniflanadi.

Qonunni blokirovka qilishga urinish Chexiya Respublikasi Oliy davlat prokurori Lenka Bradachova tomonidan amalga oshirildi. U yangi me’yordan giyohvand moddalar sotuvchilar manfaati uchun foydalanish mumkinligi haqida ogohlantirdi. Biroq tashabbus muallifi bo‘lgan Chexiya Adliya vazirligi qonun qoidalari noto‘g‘ri talqin qilinganiga ishora qilib, uning xavotirlarini rad etdi.

Germaniyada ham xuddi shunday chora 2024 yil 1 apreldan kuchga kirgan. Nasha giyohvand moddalar to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadigan taqiqlangan moddalar ro‘yxatidan chiqarildi. Voyaga yetgan fuqarolarga 25 grammgacha “marixuana” olib yurish va 50 grammgacha uyda saqlash huquqi berildi. Shaxsiy foydalanish uchun uch tupgacha yetishtirishga ham ruxsat berildi. Biroq, jamoat joylarida foydalanishga faqat maktablar, bolalar bog‘chalari va sport maydonchalaridan uzoqda ruxsat etiladi. “Reuters” nashani qonuniylashtirish Germaniya byudjetiga har yili taxminan 4,7 milliard dollar olib kelishi va 27 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratishi mumkinligini yozgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan 5 kilogramm “marixuana” giyohvandlik vositasini 10 ming AQSH dollariga sotayotgan shaxs qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Chexiya marixuana Pyotr Pavel

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing