Cheferin FIFA prezidenti lavozimi uchun nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qildi
Sport
−
15:10 320 2 daqiqa
Yevropa futbol ittifoqi (UEFA) prezidenti Aleksandr Cheferin FIFA prezidenti lavozimi uchun o‘z nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qildi. Bu haqda Cheferin “The Rest is Politics” podkastiga bergan intervyusida aytdi.
FIFA prezidenti saylovi 2027 yil mart oyida Marokash poytaxti Rabot shahrida bo‘lib o‘tadi. Hozirda ushbu lavozimni Janni Infantino egallab turibdi.
“Men FIFA prezidenti lavozimiga qiziqmayman. Men UEFA’ni va bu yerda amalga oshirayotgan ishlarimni yaxshi ko‘raman. Ikkinchidan, agar men bu lavozimga qiziqqanimda, obro‘-e’tiborim va ishonchim ancha yuqori bo‘lar edi”, deydi Cheferin.
Nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qilgan Cheferin Infantinoning kelajagi haqida ham fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi FIFA prezidenti ikki variantdan birini tanlashi kerak: qo‘llab-quvvatlov yetishmayotganini tan olib, saylovda ishtirok etmaslik yoki munosib raqib bilan kurashish.
“Menimcha u ikkinchi variantni tanlaydi – u mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etadi. Ammo bu holatda, menimcha, unga qarshi nomzod paydo bo‘ladi. Hozircha uning kimligini aniq bilmayman”, deydi Cheferin.
58 yoshli Aleksandr Cheferin 2016 yil sentyabridan buyon UEFA prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U ikki marta ushbu lavozimga qayta saylangan. Cheferin shuningdek, FIFA vitse-prezidenti ham hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA va uning barcha 55 a’zo milliy federatsiyasi FIFA homiyligidagi musobaqalarni boykot qilish ehtimolini bildirgan edi.
Live
Barchasi