Chavusho‘g‘li Ukrainadagi urush bo‘yicha Moskva va Kiyevda muzokara o‘tkazadi
Olam
−
16 mart 2022
4799Bugun, 16 mart kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Moskvaga boradi va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashadi.
Bu vazirlarning bir hafta ichidagi ikkinchi uchrashuvi bo‘ladi, bundan avval tomonlar 10 mart kuni Antaliyada uchrashgandi. Lavrov va Chavusho‘g‘li shuningdek, 14 mart kuni telefon orqali muloqot qilgan.
Muzokaralarda asosiy e’tibor Ukrainadagi urushga qaratiladi. Vazirlar, shuningdek, o‘sib borayotgan sanksiya bosimi sharoitida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ham muhokama qiladi. Turkiya TIV rahbarining ishontirishicha, Anqara G‘arbning Rossiyaga qarshi Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi tufayli joriy qilgan sanksiyalariga qo‘shilmaydi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ma’lum qilishicha, Mavlud Chavusho‘g‘li Moskvadan keyin Kiyevga ham safar qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya viloyatida Turkiya vositachiligida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov uchrashuvi o‘tkazildi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ham ishtirok etgan uch tomonlama muzokara yakunida aniq bir kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, tomonlar bunday muzokaralarni o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.
LiveBarchasi