Charlz III Bukingem saroyida yashamaydigan bo‘ldi

Olam

image

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III Bukingem saroyidagi 10 yillik rekonstruksiya ishlari kelasi yili yakunlangandan keyin ham uni doimiy qarorgoh sifatida ishlatmaydi. Bu haqda kecha, 25 iyun kuni qirollik rasmiylari ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bu qaror bilan qariyb ikki asr davomida Bukingem saroyining Britaniya monarxining asosiy qarorgohi sifatidagi maqomi o‘zgaradi. Qirol rekonstruksiya ishlari yakunlanganidan keyin ham Londondagi o‘zining uzoq yillik qarorgohi – Klarens-xausda yashashni davom ettiradi. 369 million funtlik ta’mirlash loyihasi doirasida saroyda eskirgan elektr tarmoqlari, quvurlar va isitish tizimi to‘liq yangilanmoqda.

Rekonstruksiya 2017 yilda boshlanganida rasmiylar Bukingem saroyi avvalgidek monarxning asosiy London qarorgohi bo‘lib qolishini kutgan edi. Saroy 1837 yilda qirolicha Viktoriya taxtga o‘tirganidan buyon ushbu maqomga ega bo‘lib kelgan.

Qirollik oilasi 2022 yilda qirolicha Yelizaveta II vafotidan keyin moliyaviy masalalarda ochiqlikni oshirishga va’da bergan edi. Bu qaror monarxiya moliyasi yuzasidan tanqidlar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelgandi. Qirol xazinachisi va maxfiy g‘azna saqlovchisi Jeyms Chalmersning aytishicha, saroy davlat marosimlari va rasmiy qabullar uchun asosiy maskan bo‘lib qoladi.

“U monarxiyaning bosh qarorgohi bo‘lib qoladi. Bu milliy binolarimizning tojidagi eng qimmatbaho durdir. Hazratlari Londonda bo‘lganida saroy tomida qirol bayrog‘i har doim g‘urur bilan hilpirab turadi”, degan u jurnalistlarga.

Na Charlz III va na qirolicha Yelizaveta II 2019 yildan beri Bukingem saroyida tunamagan. Biroq qirol shaxsiy xonalarini saqlab qoladi va zarurat tug‘ilganda ulardan turar joy sifatida foydalanishi mumkin.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, har yili taxminan 700 ming kishi Bukingem saroyiga tashrif buyuradi. Kelgusida jamoatchilik uchun saroyga kirish imkoniyatlari yanada kengaytiriladi, ammo bu qanday amalga oshirilishi hozircha ochiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Angliyadagi “Radio Caroline” radiostansiyasi tasodifan Britaniya qiroli Charlz III vafot etgani haqida efirda xabar berib yuborgandi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing