YeXHT O‘zbekistondagi saylov bo‘yicha hisobotini e’lon qildi
Jamiyat
−
10 iyul 2023
13527Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) xalqaro kuzatuvchilari O‘zbekistonda prezidentlik saylovlariga texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgani, ammo unda haqiqiy raqobat bo‘lmaganini qayd etdi. Bu haqda bugun, 10 iyul kuni missiya tomonidan e’lon qilingan hisobotda so‘z bordi.
DIIHBga ko‘ra, O‘zbekistonda huquqiy bazani isloh qilish davom etayotgani sababli u hali demokratik saylovlarni o‘tkazish uchun huquqiy asosni to‘liq ta’minlamayapti. Shuningdek, kuzatuvchilar demokratik jarayonlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan avvalgi bir qator tavsiyalar e’tibordan chetda qolayotganini ta’kidlagan. Missiya mavjud cheklovlarni olib tashlash va fuqarolik jamiyatining saylov jarayonida to‘liq ishtirokini ta’minlash uchun ham islohotlar zarur, deb hisoblaydi.
“Ta’kidlash joizki, huquqiy va me’yoriy-huquqiy islohotlarda bir qator oldingi kuzatish va tavsiyalarimiz inobatga olingan. Ammo siyosiy raqobatdan xoli saylov kampaniyasi voqeligi, so‘z erkinligidagi mavjud cheklovlar barcha fuqarolarni qamrab olgan haqiqiy demokratiya sari dadil qadam tashlashni yanada muhimroq qiladi”, deydi DIIHB saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari, elchi Ursula Gachek.
Hisobotda qayd etilishicha, saylov ma’muriyati tomonidan saylov kuniga texnik tayyorgarlik ishlari samarali tashkil etilgan, biroq quyi komissiyalar mustaqilligini ta’minlash uchun qo‘shimcha kafolatlar zarur. Saylov kuni umuman tinch o‘tgan bo‘lsada, bir qator kamchiliklar, jumladan, jiddiy qonunbuzarliklar, muhim tartib va kafolatlarga rioya qilinmagani kuzatilgan. Jumladan, saylov byulletenlarini to‘ldirish belgilari, shuningdek, saylovchilar ro‘yxatlarida bir xil ko‘rinadigan imzolarning bir necha bor kuzatilishi jarayonning yaxlitligiga shubha tug‘dirgan.
Bundan tashqari, DIIHB ro‘yxatga olingan nomzodlarning hech biri amaldagi Prezidentni ochiq tanqid qilmagani yoki muqobil siyosiy qarashlarni bildirmaganiga e’tibor qaratgan. Bildirilishicha, saylovoldi tashviqoti butun davr mobaynida sust kechgan, voqealar ko‘pincha oldindan tayyorlangandek tuyulgan.
“Saylovoldi reglamenti davlat resurslaridan suiiste’mol qilishni va davlat mansabdor shaxslarining saylov kampaniyasida ishtirok etishini taqiqlasa-da, ularni amalga oshirish uchun samarali kafolatlar mavjud emas. Ijtimoiy chora-tadbirlarning kiritilishi va yangi loyihalarning e’lon qilinishi amaldagi Prezidentga ortiqcha ustunlik berdi”, deyiladi hisobotda.
YeXHT missiyasi ijobiy jihatni ham sanab o‘tgan. Bildirilishicha, 2016 yilda ayollarning jamoat va siyosiy hayotdagi ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlar boshlanganidan keyin ularning parlamentdagi soni ortgan. Xususan, hozirda parlamentdagi o‘rinlarning qariyb 30 foizini ayollar egallaydi.
“Biroq, ayollar hali ham kam vakillik qilmoqda va gender masalalari saylovgacha muhokama qilinmadi. Prezidentlikka bir ayol nomzodni hisobga olmaganda, ayollar saylovoldi tashviqotida muhim rol o‘ynamadi”, deyiladi hisobotda.
Ma’lumot uchun, DIIHBning saylovlarni kuzatish missiyasi shu yilning 7 iyun kuni ish boshlagan va 18 iyulda o‘z ishini yakunlaydi. Missiya DIIHB tomonidan yuborilgan 16 nafar ekspert, shuningdek, O‘zbekiston bo‘ylab joylashtirilgan 24 ta uzoq muddatli va 195 ta qisqa muddatli kuzatuvchilardan iborat.
LiveBarchasi