Pensilvaniyadagi saylovchilar muammolarga duch kelmoqda – CNN
Olam
−
05 noyabr
6348Bugun, 5 noyabr kuni AQSHda navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tmoqda va ushbu jarayonda Pensilvaniya shtatining ba’zi saylov uchastkalarida muammolar yuzaga kelgan. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu shtatning Kambriya okrugida dasturiy ta’minotdagi nosozlik tufayli byulletenlarni skanerlash qiyinlashgan va shundan so‘ng ovoz berish vaqti uzaytirilgan.
“Bizda bunday nosozliklar yuzaga kelganda amal qiladigan rejamiz bor va ular fuqarolarning ovoz berish huquqidan foydalanishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”, deyiladi okrug saylov komissiyasi bayonotida.
Bildirilishicha, qabul qilingan byulletenlar xavfsiz saqlanadi va IT-mutaxassislar tomonidan tekshirilgandan so‘ng hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur shtatning Allegeyni okrugidagi ikki saylov uchastkasi kech ochilgan. Bunga ayrim kuzatuvchilarning kechikib kelgani yoki umuman kelmagani sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 5 noyabr kuni AQSHda navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Saylov doirasida prezident, Senatning uchdan bir qismi va AQSH Kongressi Vakillar palatasining barcha a’zolari, shuningdek, 11 ta shtat va 2 ta hududning gubernatorlari saylanadi. Prezidentlikka respublikachilar partiyasidan Donald Tramp va hozirda hukmron Demokratik partiyadan Kamola Harris o‘z nomzodini qo‘ygan. Tramp AQSHning 45-prezidenti hisoblanadi va u 2017-2021 yillarda hokimiyat tepasida bo‘lgan. U 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasidan Jo Baydenga mag‘lub bo‘lgan va hozirda Oq uyga qaytishga urinmoqda. Harris esa 2021 yil yanvaridan beri AQSH vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq saylovlarda birinchi bo‘lib AQSHning Nyu-Gempshir shtati Diksvill-Notch qishlog‘i aholisi ovoz bergani xabar qilingan edi. Ma’lum bo‘lishicha, qishloqning olti aholisi birinchilardan bo‘lib ovoz bergan. Unga ko‘ra, prezidentlikka har ikki nomzod – respublikachilardan Donald Tramp va demokratlardan Kamola Harris ham 3 tadan ovoz olgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr