Xorijdan olib kiriladigan mashinalar uchun yana bir yangi tartib joriy qilindi
Jamiyat
−
05 noyabr
19077Endilikda xorijdan O‘zbekistonga yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan avtomobillar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi joriy qilinadi. Bu haqda UzTest xodimi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi narxi benzinda yuradigan mashinalar uchun 9 mln 88 ming so‘m, elektromobillar uchun esa 6 mln 300 ming so‘mni tashkil qiladi.
QALAMPIR.UZ suhbatlashgan ayrim xususiy tadbirkorlar bu tizim oldindan bo‘lgani, ammo amaliyotga joriy qilinmaganini ma’lum qildi.
“Masalan, BYD rusumli avtomobillar bitta zavodda ishlab chiqariladi. Unda nega xususiy tadbirkor uni olib kirishda ma’lum elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvidan o‘tkazishi kerak-u, davlat dileri bunday qilmasligi kerak?” dedi xususiy tadbirkor.
UzTest xodimining aytishicha, bu tizimni joriy qilishni Xitoydagi bosh korxonaning o‘zi xohlagan.
“Bu rasmiy ravishda avtomobil olib kiruvchilarga taalluqli emas. Bu o‘zi uchun 3-4 ta mashina sotib oladigan yoki nomingizga olib, bir oy kutadigan norasmiy tarzda avtomobil sotib oluvchilarga tegishli rejim. Avtomobillarni elektromagnit moslashuvchanlik bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazish tartibi oldindan bor edi. Sertifikat 3 yilga beriladi va vaqti-vaqti bilan nazorat qilinadi. Bundan maqsad bitta transport vositasi boshqa avtomobilga ziyon yetkazishining oldini olish. O‘zbekistondagi rasmiy dilerlar bu tekshiruvdan o‘tib bo‘lgan. Ularga sertifikat ham berilgan. O‘tgan yili bu kabi sertifikatlardan 40 tadan ortiq bergan bo‘lsak, bu yil 30 tadan ko‘proq shunday sertifikatlar berildi. Ular mashinalarini har 3-6 oyda tekshiruvdan o‘tkazib turadi va hujjatlarni taqdim etadi”, dedi UzTest xodimi.
Xususiy dilerlar bu tizim faqat O‘zbekistonda joriy etilib, boshqa mamlakatlarda, xususan Qozog‘istonda bunday tekshiruv amalga oshirilmasligini ma’lum qildi. Ammo tashkilot mutasaddisi bu axborotni rad etib, Qozog‘istonda ham tekshiruv borligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 28 oktyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 2025 yildan O‘zbekistonda elektromobillar akkumulyatorlari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etish taklif qilinayotganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi