CAFA turniri Rossiyasiz o‘tadi. Bunga sabab nima?

Sport

image

Rossiya terma jamoasi Markaziy Osiyo chempionatida ishtirok etishdan bosh tortdi. Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Rossiya musobaqadagi ishtiroki bo‘yicha taklifni rad etishining sababi muhim emas. Rossiya futbol ittifoqi (RFI) ko‘plab sabablar keltirishi mumkin. Masalan, RFI qiyin taqvim yoki issiq iqlimni misol keltira oladi. Rossiya futbol jamoatchiligi termani CAFA'da ishtirok etishiga ochiq salbiy munosabat bildirdi”, deydi mutaxassis o‘z “Futbolium” Telegram sahifasida.

Nikimbayening ma’lum qilishicha, CAFA Rossiyaning javobini uzoq kutgan.

“RFI rasmiy maktubda turnirda ishtirok etishga rozi bo‘ldi, ammo keyin shartnomani imzolashdan bosh tortdi. Va shartnoma imzolash muddati tugaganidan deyarli uch hafta o‘tgach, rasman musobaqada qatnashmaligini ma’lum qildi. Boshqa jamoalarda shunday holat kuzatilganida 1 aprel kuni o‘sha ishtirokchi ro‘yxatidan o‘chirilgan bo‘lar edi. Ammo CAFA keyingi barcha qadamlarni kechiktirib, Rossiyaning fikrini kechagacha kutdi. CAFA Rossiya uchun homiy izlash, qur’a tashlash, taqvimni tasdiqlash, teleradiokompaniyalar bilan shartnomalar imzolash va Rossiya rad javob bersa o‘rniga boshqa jamoani taklif qilishni ortga surib turdi”, deydi Nikimbayev.

Shuningdek, mutaxassis o‘tgan yili noyabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya bahsi ham siyosiy kanallar orqali tashkillashtirilganini ma’lum qildi.

“CAFA tashkilotga a’zo bo‘lgan federatsiyalarning birortasidan rasmiy javobni shunchalik sabr bilan kutgan bo‘lishini tasavvur ham qila olmayman. Yana bir narsani aytish kerak, mening ma’lumotlarimga ko‘ra, Srechko Katanets noyabr oyida Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazishni istamagan, ammo Toshkentdagi o‘yin siyosiy kanallar orqali hal qilingan”, deya qo‘shimcha qildi u.

Holat bo‘yicha fikrlari yakunida Nikimbayev O‘FAdagi xodimlarning biriga shama qilib o‘tdi.

“Aytgancha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi O‘FA xodimlaridan biri Toshkentda RFI delegatsiyasi oldida ta’zim qilib, o‘z hamkasblari orasida dovdirab qolgandi. Umid qilamanki, bu “mutaxassis” ayni damda o‘zini yaxshi his qilmoqda. Sizni hurmat qiladiganlarni hurmat qilishingiz mumkin va lozim. 2023 yil iyun oyida Markaziy Osiyo chempionati, albatta, o‘tkaziladi. Faqat Rossiyasiz”, deyiladi “Futbolium” Telegram kanalida. 

Eslatib o‘tamiz, CAFA turniri 9-21 iyun kunlari Toshkent va Bishkek shaharlarida o‘tkaziladi. Musobaqada O‘zbekiston, Eron, Qirg‘iz Respublikasi, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston qatnashadi. Tez orada Rossiya o‘rnida ishtirok etadigan jamoa nomi ham ma’lum bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya CAFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing