Cabzi narxi 4-5 baravar pasaydi. U yana kimmatlashi mumkinmi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda noyabr oyidagi sabzining narxini joriy yilning iyuni oyi bilan taqqoslaganda 4-5 barobargacha tushdi. O‘zbekison Qishloq xo‘jaligi vazirligining prognozlariga ko‘ra, 2022 yil bahorida kutiladigan yangi hosilga qadar sabzining narxi shu darajada saqlanib qoladi.

Ko‘rilgan choralar natijasida 2021 yilda sabzining o‘rtacha hosildorligini bir gektardan 20-25 tonnadan 30-40 tonnagacha miqdorda oshirish imkoniyati yaratilgan. Shu tariqa 1 kg sabzining tannarxi fermer xo‘jaliklarida 700-800 so‘mgacha (6,5-7,5 sent) arzonlashgan.

Qayd etilishicha, 20 iyun holatiga ko‘ra, 1 kg sabzining o‘rtacha chakana narxi 6000-10000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda (2021 yil oktyabr-noyabr) 2000 so‘mgacha tushgan, dalaning o‘zidagi o‘rtacha xarid narxi esa 1 kg sabzi uchun 1000-1500 so‘m atrofida.

“Joriy yil sabzi narx o‘zgarishi tufayli ko‘p bora e’tibor markazida bo‘ldi, buning asosiy sababi 2021 yil bahorda “ertapishar sabzining” yetilishi deyarli bir oyga kechikdi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, 2021 yili barcha toifa xo‘jaliklarida sabzi jami 124,4 ming gektar (o‘tgan yilga qaraganda, 18,2 ming gektarga ko‘p) maydonda ekilgan. 2021 yilda yetishtirilgan 2 mln tonnadan ortiq hosildan asosiy qismi ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilmoqda.

“Bunda “takroriy ekindan” yig‘ilgan 140 ming tonna sabzi qishki-bahorgi mavsumda aholi ta’minoti uchun zaxiraga olinadi, “kechpishar” sabzining bir qismi esa umumiy quvvati 250-300 ming tonna bo‘lgan o‘nlab ixtisoslashtirilgan korxonalar bazasida qayta ishlanadi (2020-yili 110 ming tonna sabzi qayta ishlash, ya’ni quritish, shok usulida muzlatishga yuborilgan edi).

Ta’kidlash kerak, mamlakat aholisining sabzi mahsulotiga bo‘lgan yillik talabi 700-800 ming tonnani tashkil etadi (tibbiy me’yorlarga ko‘ra, bir insonning yillik ehtiyoji taxminan 20 kg dan iborat). Iste’mol savatchasidagi sabzi mahsulotining ulushi 0,4 foiz hisoblanadi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, jami 50,5 ming tonna yoki o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan 17 foiz (43,4 tonna)ga ko‘p sabzi eksport qilingan. Eksport qilingan sabzining 65 foizi aprel-iyun oylari, ya’ni “ertapishar sabzi” mavsumiga to‘g‘ri kelgan.

2021 yilda 7,6 mln AQSH dollariga teng sabzi mahsuloti 9 davlatga eksport qilindi: asosan Qozog‘iston Respublikasiga 30,5 ming tonna (4 mln AQSH dollari), Qirg‘iziston Respublikasiga 16,5 ming tonna (2,8 mln AQSH dollari), Rossiya Federatsiyasiga 3 ming tonna (704 ming AQSH dollari), shuningdek, Tojikiston, Belarus, Chexiya, Ukraina, Koreya Respublikasi va BAA davlatlariga yetkazib berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sabzi

Baholaganlar

144

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing